Radiobiologiya

Radiobiologiya (radio… va biologiya) — ionlovchi nurlarning tirik organizmlar, ular uyushmalari va umuman biosferaga ta’sirini o’rganadigan fan, radiologiyaning bir bo’limi. Radiobiologiya tibbiyot, qishloq xo’jlik va sanoatda yadro nurlaridan foydalanish, tirik organizmlar, ayniqsa, insonni ionlovchi nurlardan muhofaza qilishning nazariy asosi. Radiobiologiya infraqizil, yorug’lik va ultrabinafsha diapazonlarda ta’sir etadigan elektromagnit to’lqinlari hamda millimetr va santimetr diapozonidagi radioto’lqinlar ta’sirini o’rganadigan fotobiologiya bilan bevosita bog’liq. Radiobiologiya radioaktiv zarrachalarni nurlanayotgan ob’yektlarning ichki qismiga kirib borib, ularning atom va molekulalardan tashkil topgan barcha tarkibiy qismlariga ta’sir etish xususiyatlarini hamda yuqori energiyaga ega bo’lgan kvantlar va zarrachalar (azarracha, elektronlar, pozitronlar, protonlar, neytronlar va boshqalar) bilan bog’liq jarayonlarni o’rganadi. Ionlovchi nurlarning biologik ta’sirini o’rganish V.K.Rentgen rentgen nurlarini (1888), A. Bekkerel radioaktivlikni (1896), P. Kyuri va M. Kyurisklodovskaya tomonidan radiy elementining kashf etilishi bilan deyarli bir vaqtda boshlangan. Lekin Radiobiologiya mustaqil fan sifatida faqat 20-asrning 1-yarmida shakllandi. Bu ko’p jihatdan texnika va yadro fizikasining rivojlanishi bilan bog’liq. 1925 yilda ionlovchi nurlarning mutagen ta’siri kashf etilishi radiatsion genetikaning fan sifatida shakllanishiga imkon berdi. 20-asrning 20-30-yillarida Radiobiologiya sohasida qilingan tadqiqotlar tahlili asosida hujayraning nurlanish dozasidan halok bo’lishini tushuntirish uchun unda sezgir — nishon — mo’ljal mavjudligi haqidagi gipoteza ishlab chiqildi. Gipotezaga ko’ra, ionlashgan zarrachalarning «nishon»ga tegishi radiatsion effektni paydo qiladi. «Nishon» nazariyasi ingliz olimi D.Li (1946), rus olimi N.V. Timofeev — Resovskiy va nemis olimi K. Tsitter (1947) tomonidan to’liq ishlab chikilgan. 20-asrning 40-50-yillarida yadro fizikasi va texnikaning jadal rivojlanishi, atom energiyasi va radioaktiv izotoplarning texnika, tibbiyot va ilmiy tadqiqot ishlarida keng qo’llanilishi hamda yadro qurollarining sinovdan o’tkazilishi bir qator yangi muammolarni paydo qildi. Bu muammolar ko’p hujayrali organizmlar yoppasiga nurlanganida ularning radiatsion shikastlanganini tadqiq qilish; organizmlarning nurlanishga turli darajada sezgirligi sabablarini aniqlash, zararli mutatsiyalarning paydo bo’lishida radiasiyaning ahamiyatini aniqlash, nurlanish ta’siri oqibatlarini o’rganish (umrning qisqarishi, o’sma kasalliklarining ko’payib ketishi, immunitetning pasayishi sabablari) va boshqalardan iborat. Radiobiologiyaning aktual amaliy vazifalariga organizmni nurlanishdan himoya qilish va shikastlangan to’qimalarni postradiasion tiklash, atrof muhitda radiasiya ortib ketishining insoniyatga ta’sirini bashorat qilish, qishloq xo’jaligi, oziq-ovqat va mikrobiologiya sanoatida ionlovchi nurlardan foydalanishning yangi istiqbolli yo’llarini aniqlash kiradi. 1950-60 yillarda Radiobiologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarda biofizika va biokimyo metodlaridan keng foydalanila boshlandi. Natijada hujayra strukturalari va makromolekulalar faqat kvantlar va zarrachalarning bevosita ta’siri ostida emas, balki suv va boshqa kichik molekulali birikmalar radikallari (peroksidlar, gidroperoksidlar, xinonlar, semixinonlar) kislorod ishtirokida ham nurlanishi ma’lum bo’ldi. Ana shu davrda radiatsiyadan himoya qiluvchi vositalar (radioprotektorlar), kimyoviy moddalar ham kashf etildi. Nurlanish kasalligini davolashning samarali usullari ishlab chiqildi. Xalq xo’jaligining turli sohalarida radioaktiv moddalardan keng foydalanishi, yadro qurollarining sinovdan o’tkazilishi, atom elektrostantsiyalarining ko’plab qurilishi tufayli yer yuzining radioaktiv moddalar, birinchi navbatda strontsiy va gneziyning uzoq yashaydigan nuklidlari bilan ifloslanishi Radiobiologiya oldiga yangi vazifalarni quydi. Bularga organizmga tushgan radioaktiv moddalarning o’ziga xos ta’sirini o’rganish, ularning to’qimalarda taqsimlanishi, hujayralarning surunkali nurlanishi, organizmdan chiqib ketishi muddatlarini aniqlash kiradi. Kichik dozali radiatsiyaning organizmga surunkali ta’sir etish muammolarini o’rganish ham muhim ahamiyatga ega. 1960-70 yillarda Reparatsiya, ya’ni qayta tiklanish hodisasi, radioaktivlik ta’sirida zararlangan DNK molekulasining fermentlar yordamida qayta tiklanishi aniqlandi. Bu kashfiyot radiasiyaning ta’sir mexanizmi haqidagi oldingi xulosalarni qayta ko’rib chiqishni taqozo etdi. Nurlangan to’qima va hujayralardagi biokimyoviy o’zgarishlarni hamda hujayra strukturaviy elementlarining zararlanishini o’rganish radiatsiyaning ta’sirini tushuntiruvchi yangi strukturaviy — metabolik gipotezani ishlab chiqishga imkon berdi (A. M. Kuzin, 1970). Bu gipotezaga ko’ra, radiatsiya ta’siriga uchragan organizmdagi radiatsion effektning xarakteri molekulalar va ulardan yuqori turuvchi strukturalarda sodir bo’ladigan jarayonlarni boshqaruvchi sistemalardagi moddalar almashinuvi bilan bog’liq. Zamonaviy Radiobiologiya ko’p qirrali bo’lib, uning ekologiya, tsitologiya, genetika, biokimyo, selektsiya va kosmos bilan bog’liq bo’lgan sohalari ayniqsa jadal rivojlanmoqda. Radiobiologiya sohasidagi tadqiqotlar ionlovchi nurlardan amalda foydalanishni ko’rsatib berdi. Hozirgi nur kasalliklarini davolashning samarali usullari ishlab chiqilgan. Ionlovchi nurlardan qishloq xo’jalik zararkunandalariga qarshi kurash, hosildorlikni oshirish maqsadida urug’larni ekishdan oldin nurlantirish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini saqlash muddatini uzaytirish va tibbiy preparatlarni sterillashda keng foydalanilmoqda. Hozirgi barcha rivojlangan mamlakatlarda Radiobiologiya markazlari mavjud. O’zbekistonda bunday markazlar Toshkent, Samarqand va boshqa viloyatlarda faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi instituti, biokimyo, genetika va eksperimental biologiya institutlarida Radiobiologiyaga oid tadqiqotlar olib boriladi. Gammanurlar va radioaktiv fosfordan foydalanib g’o’zaning yangi navlari yaratilgan. Radiatsiyaning tirik hujayralarda boradigan fizik-kimyoviy jarayonlarga ta’siri o’rganilmoqda. Respublikada Radiobiologiyaning rivojlanishi J. Xamidov, N. Nazirov, A. Ibroximov, A. Krsimov, A. Miraxmedov, A. Aminov, L. Murtazaeva, P. Xoliqov, S. Xoliqov va boshqalarning tadqiqotlari bilan bog’liq. Ad.: Osnovi radiasionnoy biologii, M., 1964; Kuzin A. M., Kaushanskiy D. A., Prikladnaya radiobiologiya, M., 1981; Yarmonenko S. P., Radiobiologiya cheloveka i jivotnix, M., 1984. Abdukarim Zikiryoyev.