Rahimova Gavhar Artyomovna Petrosyan

Rahimova Gavhar Artyomovna Petrosyan (1911.7.11, Marg’ilon — 2003.18.2, Toshkent) — raqqosa, baletmeyster. O’zbekiston xalq artisti (1965). Tamaraxonimning singlisi. 1924 — 27 yillar Marg’ilondagi bolalar uyida tarbiyalangan va u yerda usta Olim Komilov rahbarligidagi Dutorchi qizlar to’garagiga qatnashib, Tamaraxonimdan raqs asoslarini o’zlashtirgan. Qo’qon (1927-28), Samarqand (1928— 30, 1933-37), Andijon (193033), o’zbek harbiy teatrlarida aktrisa, raqqosa va baletmeyster. Mohinbonu («Farhod va Shirin»), Xoljon xola (F. Zafariy, «Halima»), Zebo («Arshin mol olon»), kabi obrazlar yaratgan. 1937-39 yillar O’zbek Davlat musiqali teatrida yakkaxon raqqosa. O’zbek davlat filarmoniyasida xotin-qiz dutorchilar ansamblida (1939-40), Xorazm garmonchilar ansamblida (1940— 41), O’zbek davlat xotin-qizlar front ansamblida (1941— 1945), O’zbek davlat filarmoniyasi va estradasida (1945— 68) raqqosa, baletmeyster, badiiy rahbar. 1968 yil «Lazgi» ansamblini tashkil etgan va unga 1982 yilgacha rahbarlik qilgan. 1983 yildan o’zi qayta tashkil qilgan Zebo G’anieva nomidagi kontsertfront sayyor brigadasining rahbari bo’lgan. Rahimova ijod etgan «Ufori soxta», «Buxorocha», «Uyg’urcha», «Ozarbayjoncha», «Andijon samosi», «Usmoniya», «gul o’yin» kabi va «katta o’yin» (Usta olim Komilov bilan hamkorlikda), «Ufori soxta», «O’zbekiston qizlari», «Jayxun misoli Lazgi», «ko’zim qarosi», «Lazgi salomi» singari raqslari bilan o’zbek raqsi rivojiga munosib hissa qo’shdi. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).