Raketa dvigateli
Raketa dvigateli (RD) — atrof-muhit (havo, suv) dan foydalanmay ishlaydigan reaktiv dvigatel. Reaktiv oqim kinetik energiyaga aylanuvchi energiyaning turiga qarab, kimyoviy, yadroviy, elektr xillariga bulinadi. Kimyoviy rd, asosan, ikki qism — yonish kamerasi va reaktiv soplodan iborat. Yonish kamerasida o’tadigan kimyoviy reaktsiya natijasida yonilg’i qizigan gazlarga aylanadi. Bu gazlar reaktiv soplolarda kengayib, katta tezlik bilan tashqariga chiqqanda reaktiv tortish kuchi vujudga keladi. Gaz qancha tez chiqsa, reaktiv tortish kuchi shuncha katta bo’ladi. Bu ko’rsatkich yonilg’ining sifatiga bog’liq. Rd suyuq yonilg’i va qattiq yoqilg’ida ishlashi mumkin. Qattiq yoqilg’ili rd (QYORD) bir necha yuz yildan beri ma’lum. Dastlab, yoqilg’i sifatida qora porox, so’ngra tutunsiz porox ishlatilgan, keyinchalik murakkab tarkibli yonilg’i ishlatila boshladi. QYORD, asosan, harbiy texnikada (raketa artilleriyasida), ya’ni turli tipdagi reaktiv qurilmalarda ishlatiladi. Juda katta o’lchamli va juda uzoqqa uchib boradigan raketalar (masalan, qit’alararo ballistik raketalar) kosmonavtikada ham qo’llaniladi. Masalan, bir bosqichli eltuvchi raketa uchun QYORD ishlatish mumkin. QYORD yuzlarcha t tortish kuchi vujudga keltira oladi. Kosmik parvozlar uchun, asosan, suyuq yonilg’ili rd (SYoRD) ishlatiladi. Uni K.E. Tsiolkovskiy 1903 yilda taklif qilgan. Birinchi sovet SYoRD Leningraddagi gazodinamik laboratoriya (GDL)da 1930-31 yillarda yaratildi. F.A.Tsander ishlab chiqqan rd suyuq kislorod va benzindan iborat yonilg’ida sinab ko’rildi (1933). Keyinchalik, yer sun’iy yo’ldoshlari uchirishni, birinchi kosmonavtlarning parvozini ta’minlagan kuchli dvigatellar (RD107 va boshqalar) ishlab chiqildi. SYoRD yonish kamerasi, reaktiv soplo, turbonasos agregati, gaz generatori, bug’gaz generatori, avtomatik tizim, rostlash organlari, o’t oldirish tizimi, telemetrik datchiklar, yordamchi agregatlar, rama va boshqalardan iborat. SYoRD bir yoki ko’p kamerali bulishi mumkin. U vazifasiga ko’ra, asosiy (marsh), korrektsiyalovchi (tuzatuvchi), yunalishini tormozlovchi, o’zgartiruvchi xillarga ajraladi. Aralash yonilg’ili rd da yonilg’ining suyuq va qattiq komponentlaridan bir vaqtda foydalaniladi. Bunda geterogen yonilg’i rd ning yonish kamerasiga qattiq yonilg’i joylashtiriladi, suyuqyonilg’i esa bakdan uzatiladi. Yadro rd da erishiladigan solishtirma tortish kuchiga qaraganda ancha katta tortish kuchi hosil kilish mumkin. Reaktorda ajratiladigan issiklik ish jismini qizdirishga sarflanadi, chunki bunda energiya manbai va ish jismi alohida-alohida bo’ladi. Rd ning solishtirma tortish kuchini oshirishda yadro energiyasidan foydalanish yaxshi samara beradi. Elektr Rd (erd) yordamida solishtirma tortish kuchini yuzlarcha marta oshirish mumkin. Bunda elektr energiyasi reaktiv oqimning kinetik energiyasiga aylanadi. Foton yoki kvant rd nazariy jihatdan eng mukammal dvigatel hisoblanadi. Bunda reaktiv oqimni nurlanish kvantlari hosil qiladi. Juda uzoq va murakkab kosmik parvozlarda foton rd juda qo’l kelardi, lekin hali bunday dvigatellar yaratilganicha yo’q (2004). Aviatsiyada rd asosan yordamchi dvigatellar sifatida ishlatiladi.