Qo’shko’pir tumani
Qo’shko’pir tumani – Xorazm viloyatidagi tuman. 1936 yil 17 aprelda tashkil etilgan. 1962 yil 14 dekabrda Xiva tumaniga qo’shib yuborilgan. 1966 yil 9 yanvarda qayta tashkil etilgan. Shimoldan Shovot, shimoli-Sharq va sharqdan Urganch tumanlari, Janubdan Xiva tumani, g’arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,54 ming km2. Aholisi 128,7 ming kishi (2005). Tumanda 1 shaharcha (Qo’shko’pir), 12 qishloq fuqarolari yig’ini (Kenagas, Oqdarband, Xonobod, Xosiyon, Shixmashhad, Yangilik, O’zbekyop, O’rtayop, Qatag’on, G’ozovot, Hadra, Hayrobod) bor. Tuman markazi — Qo’shko’pir shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi, asosan, tekislik. Iqlimi keskin Kontinental. Qishning eng sovuq oyi (yanvar)da o’rtacha temperatura -5°, eng past temperatura -32°. Yozning eng issiq oyi iyulning o’rtacha temperaturasi 33°, eng yuqori temperatura 42°. Vegetatsiya davri 192 kun. Yillik yog’in 50-100 mm. Tuman hududini kesib o’tgan Kattako’l, Dovdon, Dovudko’l magistral kollektorlari va ularga tu- tashgan kollektor — drenaj shoxobchalari ishlab turibdi. Tuprog’i o’tloqi tuproq. Yovvoyi o’simliklardan jiyda, turang’il, yulg’un; yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, quyon uchraydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, turkman, eroniy, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 239 kishi. Shahar aholisi 16,9 ming kishi (2005). Qishloq aholisi 111,8 ming kishi. Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, silikat g’isht zavodlari, MTP, avtokorxonalar, qurilish tashkilotlari, tikuvchilik va gilamchilik tsexlari ishlab turibdi. Kichik va o’rta biznes korxonalari, mikrofirmalar va boshqalar faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jalik, asosan, paxtachilik va g’allachilikka ixtisoslashtan. Dehqonchilik, chorvachilik, pillachilik, bog’dorchilik, baliqchilik ham rivojlangan. 1 ijara xo’jaligi, fermer xo’jaliklari, 1 aktsiyadorlik jamiyati, «Qushko’pir parranda», «Qo’shko’pirpilla» mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, «Qo’shko’pir-asalarichilik» jamoa korxonasi bor (2005). Jami 27,7 mint gektar ekin maydonning 13,3 ming gektariga paxta, 5,3 ming gektariga g’alla, 370 gektariga kartoshka, 800 gektariga sabzavot; shuningdek, poliz, ozuqa ekinlari ham ekiladi (2005). Mevazor, tutzorlar bor. Qo’shko’pir tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda 54,5 ming qoramol (shu jumladan, 22,9 ming sigir), 55,1 ming qo’y va echki, 163 ming parranda boqiladi (2005). Asalarichilik va pillachilik bilan ham shug’ullaniladi. Tumanda 55 umumiy ta’lim, bolalar musiqa va sport maktablari, kasb-hunar kollejlari bor. Tuman Markaziy kutubxonasi va uning 35 tarmog’i, madaniyat uylari, 15 madaniyat muassasasi, madaniyat va istirohat bog’i (2005). stadion, sport zallari va boshqa sport inshootlari mavjud. Tuman Markaziy kasalxonasi (430 o’rin), poliklinika, tug’ruqxona, 4 tish davolash poliklinikasi punktlari, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 216 vrach aholiga xizmat ko’rsatadi (2005). Qo’shko’pir tumani markazi Qo’shko’pir shaharchasidan Xiva, Urganch va boshqa shaharlarga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Me’moriy yodgorliklardan Imorat bobo me’moriy majmuasi (14— 18-asrlar) saqlangan. 1941 yildan «hayot ko’zgusi» tuman gazeta chop etiladi. Kolia Nurjonov.