Qo’g’a, chakan
Qo’g’a, chakan — qo’g’adoshlarga mansub ko’p yillik ildizpoyali o’simlik. Poyasi tik o’sadi, tsilindrsimon yo’g’on, bo’yi 2-3 metr. Barglari keng tasmasimon. Gullari mayda, ayrim jinsli, gulqo’rg’onsiz, qo’ng’ir tusli to’pgulga yig’ilgan. Erkak gullari to’pgulning yuqori qismida, urg’ochi gullari esa ost qismida joylashgan. Ildizpoyasi serkraxmal, yer bag’irlab o’sadi. Iyun- sentabrda gullaydi va mevalaydi. Mevasi yong’oqcha. Uchmali mayda urug’lari shamol vositasida tarqaladi. Urug’idan hamda ildizpoyalaridan ko’payadi. O’rta Osiyoda tarqalgan. Botqoq joylarda, suv omborlari, ariqlar va tashlama kanallarning qirg’oqlarida, to’qayzorlarda o’sadi. Sholi maydonlarini ifloslaydi. Kurash choralari: yer ildizpoya joylashgan chuqurlikkacha haydaladi va so’ngra ildizpoyalar yig’ishtirib olinadi. Sug’orish sistemasidagi kanallar tozalanadi.