Kalobodiy
Kalobodiy (yoki al-Kaloboziy), Abu Bakr Muhammad ibn Ishoq al- Buxoriy [(?, Kalobod (Buxoro shahri yaqinida)-990 yoki 995, ?)] — hanafiylik faqihi, tasavvuf bo’yicha Arab tilida yozilgan eng mashhur ilk asarlardan birining muallifi. Buxoroda vafot etgan deb taxmin qilinadi. Kalobodiy huquqni Muhammad ibn Fadladan o’rgangan, Sufiy Shayx Qosim Farisga shogird tushgan. Kalobodiy yozgan 5 yoki 6 asardan 2 tasi bizgacha yetib kelgan. Payg’ambarning ba’zi hadislariga axloqiy tusdagi qisqa sharh — «Ma’oniy al-Axbor va at-Ta’arru li-mazhab axl at-tasavvuf» («xabarlar ma’nolari va tasavvuf ahli mazhabi bilan tanishish kitobi») Islomning birinchi uch asrida tasavvufni o’rganishda asosiy asarlardan biri bo’ldi. Kitobni sufiylarning keyingi avlodlari yuqori baholagan. Xususan, Shayx Yahyo as-Suxravardiy al-maqtul (1191 yil vafot etgan) «agar «at-Ta’arruf» bo’lmaganda tasavvufdan bexabar qolardik» degan edi. Sufiylarning qarashlari va amaliyot usuli bayon etilgan bu asarda tasavvufning Islom aqidalariga to’g’ri kelmaydigan jihatlarini kelishtirishga urinish bor edi. Bunda tasavvuf butunlay «taqvodorlik» doirasidan chiqmaydi, u o’zining dindorlik yo’liga shubha tug’dirmaydi deb tushuntirilgan. Asar 75 bobdan iborat, uni 3 qismga bo’lish mumkin: birinchi — tarixiy qismida sufiy va tasavvuf tushunchasiga ta’rif beriladi, mashhur mutasavviflar, ularning tasavvufii jasoratlari haqida hikoya va rivoyatlar; ikkinchi — diniy aqidalarni himoya qiluvchi qismida Sufiylik aqoidi usuli, mutasavviflar taqvodorligining isboti; uchinchi — tasavvuf amaliyoti qismida tasavvuf yo’lining asosiy bosqichlari, sufiylar o’rtasida qabul qilingan ba’zi atamalar bayon qilinadi. Kalobodiy asariga ko’plab sharhlar yozildi. Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad al-Mustamliyning (1042 yil vafot etgan) fors tilida yozgan «Nur al-muriydiy («muridlar nuri») asari Shuhrat qozondi. (Muallif Kalobodiy bilan vatandosh bo’lgan. Shu tufayli uni Kalobodiyga shogird bo’lishi kerak deb hisoblashadi). Bu sharh tasavvuf tarixiga oid manba sifatida deyarli original asardan qolishmaydi. Uning fihristlaridan biri 1081 yil 7 aprelda ko’chirilgan, bu bizgacha yetib kelgan qadimgi forsiy qo’lyozmalardan ikkinchisi hisoblanadi.