Kalla

Kalla (Zantadeshia aethiopica), oddiy karnaygul — kuchaladoshlar oilasiga mansub ko’p yillik manzarali o’simlik. Janubiy Afrikadan keltirilgan. Botqoq o’simligi, namsevar, nordon muhitli, chirindili tuproqlarda yaxshi o’sadi. Tupining balandligi 80-120 santimetr. Barglari katta, yaltiroq, keng yoysimon. Guli karnaysimon, oq, pushti (olov rang). Oktabr—dekabrda gullaydi. Urug’i, bachki ildizlari yoki tuganagi (kuchalasi) ni bo’lish yo’li bilan ko’paytiriladi. May—iyul oylarida har bir katta yoshdagi o’simlikdan 3-10 tagacha bachki ildiz olish mumkin. Oynavonli salqin issiqxonalarga, sentabr oyida asosiy joyiga ekiladi. Bir tup o’simlikdan yiliga 3-6 gul olinadi (1 m2 maydonga 12 o’simlik ekiladi). Kallaning barglari ham manzarali. Kesilgan gullar suvda 12-14 kun saqlanadi.