Ovchi qushlar
Ovchi qushlar, ovga o’rgatilgan qushlar — yirtqich hayvonlar va parrandalarni ovlash va havaskorlik sporti maqsadida foydalaniladigan yirtqich qushlar (burgut, Lochin, qarchig’ay, qirg’iy). O’rgatilgan Ovchi qushlar bilan ov qilish O’rta Osiyoda 10— 17-asrlarda, ayniqsa, ommaviy tus olgan. Hozirgi paytda bunday ov Abxaziya va Ajariyada (qirg’iy bilan bedana ovlash), Qirg’iziston va Qozog’istonda (burgut bilan tulki, quyon va bo’ri ovlash, qarchig’ay bilan o’rdak, g’oz, qirg’ovul va quyon ovlash), Turkmanistonda (baloban bilan o’rdak, tuvaloq, quyon ovlash) saqlanib qolgan. Inidan olingan yoki to’r bilan tutilgan yosh, polopon yirtqich qushlar hurkitilgan ovni qulatish yoki quvib yetish va ovchi yetib kelgunga qadar tutib turishga uzoq vaqt o’rgatiladi. Kuz va qish oylarida tajribali ovchilar burgut bilan 30-40 tagacha tulki ovlashgan. Yirtqich qushlar sonining kamayib ketayotgani tufayli ovchi qushlar bilan ov qilish ham kamayib bormoqda.