Ta’lim

Ta’lim — bilim berish, malaka va ko’nikmalar hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasi. Ta’lim jarayonida ma’lumot olinadi va tarbiya amalga oshiriladi. Ta’lim tor ma’noda o’qitish tushunchasini anglatadi. Lekin u faqat turli tipdagi o’quv yurtlarida o’qitish jarayonini emas, oila, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda ma’lumot berish jarayonini ham bildiradi. Ta’limning mazmuni va mohiyati jamiyatning moddiy va madaniy taraqqiyoti darajasi bilan belgilanadi. Ijtimoiy munosabatlar, umumiy ma’lumotga bo’lgan ehtiyoj, kishilarning kasbiy tayyorgarligiga, Ta’lim haqidagi pedagogik g’oyalarga qarab kishilik jamiyati taraqqiyotining turli bosqichlarida Ta’limning mohiyati, metodi, tashkiliy shakllari o’zgarib borgan. Ta’lim mohiyat e’tibori bilan dars berish jarayonini, ya’ni pedagog (o’qituvchi) faoliyatini, umuman o’quvchining bilish, o’rganish faoliyatiga rahbarlik qilishni hamda uqish jarayonini, ya’ni o’quvchi faoliyatini bildiradi. Ta’lim jarayoni ta’lim beruvchi — o’qituvchi va ta’lim olayotgan o’quvchilar faoliyatining yig’indisidan iborat. Ta’lim va tarbiya jarayonida shaxsning sifatlari, dunyoqarashi, qobiliyati o’sadi. Ta’lim avlodlar o’rtasidagi ma’naviy vorislikni ta’minlaydi: kishilarning ijtimoiytarixiy tajribalari yosh avlodga Ta’lim orqali o’tadi. Ta’lim haqida turli nazariyalar mavjud. Ba’zi nazariyalar Ta’limni jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishiga bog’liq bo’lmagan hodisa sifatida baholasalar, ba’zisi Ta’limning sinfiy xarakterga ega ekanligini, u jamiyatning har bir a’zosida muayyan siyosiy, falsafiy, axloqiy, huquqiy qarashlarni shakllantirish maqsadi sari karatilganligini ta’kidlaydi. Ta’limning maqsadi ob’ektiv hayot talablariga muvofiq holda o’zgarib borgani kabi, Ta’limning xarakteri, yo’nalishi ham uning maqsadiga muvofiq o’zgarib boradi. Ta’lim dialektik tarzda taraqqiy etib boradigan ichki ziddiyatlar jarayonidir. Ta’lim bilish qobiliyatlari, his-tuyg’ular, idrok, shaxsni tarkib toptiruvchi kuchli omildir. Ta’lim jamiyat qurilishining muhim muammolarini hal qilish — jamiyatning moddiy-texnika bazasini yaratish, ijtimoiy munosabatlarni tarkib toptirish, yangi kishini tarbiyalashga yordam beradi. Ta’lim o’quvchining bilish qobiliyatini o’stiruvchi asosiy omildir. O’quvchilar qobiliyatini o’stirishga qaratilgan tizimlar muayyan didaktik qoidalar tarzida namoyon bo’ladi. Didaktik tamoyillarda Ta’limning mazmuni va jarayonlariga qo’yilgan talablar belgilanadi. Ta’limning maqsadi va vazifalari ijtimoiy tuzum, shuningdek muayyan o’quv yurtlari funktsiyasiga muvofiq tarixan o’zgarib boradi. O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta’lim to’g’risida»gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi Ta’lim tizimining barcha yo’nalishlarini takomillashtirish va rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. 1996 yildan boshlab lotin imlosiga asoslangan yangi o’zbek alifbosi joriy etildi va shu yildan boshlab yangi yozuv asosida dasturlar, qo’llanmalar va darsliklar yaratishga kirishildi, o’qituvchilar lotin imlosi asosidagi yangi o’zbek alifbosi bo’yicha qayta tayyorlash kurslaridan o’tkazildi. Xalq ta’limi bo’limlari qoshida bolalarni maktab ta’limiga tayyorgarligini belgilaydigan «tashhis markazlari» tashkil etildi. O’quvchilarning bilim va ko’nikmalarini reyting asosida nazorat qilish, maktab bitiruvchilarini yakuniy attestasiyasini kompyuter yordamida test orqali amalga oshirish, Ta’lim amaliyotini diagnostik taxdil etish, Ta’lim muassasalarida marketing tizimidan foydalanish kabi qator pedagogik yangiliklar joriy etildi. Ta’lim mazmuni uning maqsadiga muvofiq, ijtimoiy shart-sharoit, fan va texnika, san’at holati va shu kabini hisobga olgan holda belgilanadi. Kasbhunar kollejlari, o’rta maxsus va oliy o’quv yurtlaridagi Ta’limning mazmuniga umumiy ma’lumotdan tashqari muayyan kasb va mutaxassislik uchun zarur bo’lgan maxsus bilim, malaka va ko’nikmalar ham kiradi. Ta’lim mazmuni o’quv reja va dasturlari, darslik va boshqalarda yoritiladi. Ta’limda qo’yilgan maqsadga erishish uchun turli metod, vosita, tashkiliy tizim va shakllar (ma’ruza, suhbat, tajribalar o’tkazish, ko’rgazmali qurollarni qo’llash, kuzatish, mashq va shu kabi)dan foydalaniladi. O’quv jarayonida texnik vositalar (kino, televidenie, radio, kompyuter, EHM va boshqalar)ni keng qo’llash Ta’lim metodini ishlab chiqishga katta ta’sir ko’rsatadi. Ta’limni tashkil etishning umumiy ta’lim, alohida (individual) ta’lim, tashkiliy ta’lim, sinfdars ta’limi, kurs tizimi ta’limi va boshqalar turlari mavjud. Hozirgi sharoitda ijtimoiy talablar, o’quvchilarning imkoniyati va ehtiyojlariga muvofiq Ta’lim tobora takomillashtirilib, yangi metod va shakllari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Ta’limning keng umumiy ma’lumot asosida kasbiy ixtisoslashishning ahamiyati tobora oshmoqda, ommaviy kommunikatsiya vositalari — radio, televideniye, kino, kompyuter, vaqtli matbuotdan, shuningdek, o’z ustida ishlashning turli shakllaridan foydalanilmoqda. Komiljon Hoshimov.