Tafakkur

Tafakkur — inson aqliy faoliyatining yuksak shakli; ob’yektiv voqelikning ongda aks etish jarayoni. Tafakkur atrof muhitni, ijtimoiy hodisalarni, voqelikni bilish quroli, shuningdek, inson faoliyatini amalga oshirishning asosiy sharti sanaladi. U sezgi, idrok, tasavvurlarta qaraganda voqelikni to’la va aniq aks ettiruvchi yuksak bilish jarayonidir. Tafakkur — inson miyasining alohida funktsiyasi. Uning nerv fiziologik asosi birinchi va ikkinchi signal sistemalarining o’zaro munosabatidan iborat. Tafakkur jarayonida insonda fikr, mulohaza, g’oya, faraz kabilar vujudga keladi va ular shaxsning ongida tushunchalar, hukmlar, xulosalar shaklida ifodalanadi. Tafakkur shil va nutq bilan chambarchas bog’liq ravishda namoyon bo’ladi. Fikrlash faoliyati nutq shaklida namoyon bo’ladi. Nutq aloqasi jarayonida insonning hissiy mushohada doirasi kengayib qolmay, orttirilgan tajriba boshqa kishilarga ham beriladi. Inson o’zining Tafakkuri, nutqi hamda ongli xatti-harakati bilan boshqa mavjudotlardan ajralib turadi. U fikr yuritish faoliyatida o’zida aks ettirgan, idrok qilgan, tasavvur etgan narsa va hodisalarning haqiqiyligini aniqlaydi, hosil qilingan hukmlar, tushunchalar, xulosalar chin yoki chin emasligini belgilab oladi. Inson Tafakkuri orqali voqelikni umumlashtirib, bavosita (bilvosita) aks ettiradi, narsa va hodisalar o’rtasidagi eng muhim bog’lanishlar, munosabatlar, xususiyatlarni anglab etadi. Binobarin, inson muayyan qonun, qonuniyat va qoidalarga asoslangan holda ijtimoiy voqea va hodisalarning vujudga kelishi, rivojlanishi hamda oqibatini oldindan ko’rish imkoniyatiga ega. Tafakkur ko’pgina fan sohalari (falsafa, mantiq, jamiyatshunoslik, pedagogika, fiziologiya, kibernetika, biol.)ning tadqiqot ob’yekti hisoblanadi. Psixologiyada Tafakkur voqelikni umumlashtirish darajasiga, muammoni yechish vositasi xususiyatiga, holatlarning inson uchun yangiligi, shaxsning faollik ko’rsatish darajasiga ko’ra bir necha turlarga (ko’rgazmali harakat, ko’rgazmali-obrazli, amaliy, nazariy, ixtiyoriy, ixtiyorsiz, mavhum, ijodiy va hokazolar) ajratib tadqiq qilinadi. Ijtimoiy hayotda, ta’lim jarayoni va ishlab chiqarish.da odamlar o’rtasidagi aloqa va munosabatlar ham Tafakkur yordamida namoyon bo’ladi. Jamoada tanqidiy qarash, o’zini o’zi tanqid, baholash, tekshirish, o’zini o’zi tekshirish, nazorat qilish, o’zini o’zi nazorat qilish, guruhiy mulohaza yuritishdan iborat Tafakkur sifatlari vujudga keladi. Insonning inson tomonidan idrok qilinishi ham Tafakkur bilan uzviy aloqadadir. Ijodiy ishlar, kashfiyotlar, ixtirolar, takliflar Tafakkurning mahsuli hisoblanadi. Psixologiya Tafakkurning filogenetik (insoniyat paydo bo’lishi davri), ontogenetik (kishi umri davomida) bilishga oid tarixiy jihatlarini ham o’rganadi. Hozirgi zamon fanining juda ko’p murakkab masalalari Tafakkurdagi mantiqiy jarayonlarni yanada chuqurroq o’rganishni taqozo etmoqda. Ergash G’oziyev.