To’rt shabboz majmuasi
To’rt shabboz majmuasi – Xivadagi me’moriy yodgorlik (taxminan 1842-1885). Dishan qal’a hududidagi qabristonining Janubda (bog’cha darvoza yaqinida) joylashgan. Muhammad Rahimxon II buyurtmasiga ko’ra, usta Hasanquli Azizon rahbarligida qurilgan. Rivoyatga ko’ra, 3 aka-uka avliyo (Nizomiddin, Aloviddin, Sharofiddin) va Xiva xoni Asfandiyorxon (1643 yil vafot etgan) sharafiga «to’rt shavvoz» deb nomlangan (mag’alliy talaffuzda «shavvoz» «Shabboz»ga aylangan). Hozir qabriston hududiga qo’shib yuborilgan. Ularning qabrlari chinor tagida bo’lgan (saqlanmagan), ammo bu yer hozir ziyoratgoh hisoblanadi. To’rt shabboz majmuasida 3 madrasa, masjid, minora, maqbara va hovuz joylashgan. Katta maydon o’rtasida hovuz (12×12 metr), atrofiga daraxtlar ekilgan. Markazi (Janub)dagi masjid (18,0×12,0 metr) 4 ustunli, 9 gumbazli, bir tomoni ayvonli. Ustunlar o’yma naqshlar bilan bezatilgan. Masjid eshigi tepasidagi marmar taxtachada xorazmlik usta Muhammad Nazarboy ismi va buyurtma vaqti (1874) o’yib yozilgan. Masjid yaqinidagi minora (asosining diametri 2,5 m) g’ishtdan bezakli qilib ko’k sirkori shakllar bilan bezatilgan. Qafasasiga ravoqchalar ishlanib, tepasi muqarnas bezaklar bilan yakunlangan. Bunday bezaklar madrasa peshtog’ida qam uchraydi. To’rt shabboz majmuasi shimoli sharqida Tillaboy madrasasi (1871), sharqsa Asfandiyorxon madrasasi, Janubiy Sharqiy burchagida Xudoybergan karvonboshi qurdirgan madrasa (1875) saqlangan.