Hamroyev Ali Ergashevich

Hamroyev Ali Ergashevich (1937.19.5, Toshkent) — kinorejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1969). Ergash Hamroyevning o’g’li. Moskva kinematografiya instituti (VGIK)ni tugatgan (1961). 1961 yildan «O’zbekfilm»da rejissyor. «Bolalar haqida kichik hikoyalar» uning birinchi filmi. «Yor-yor», birinchi o’zbek film-operasi «Dilorom», «Laylak keldi. yoz bo’ldi», «Qizil qum», «Favqulodda komissar», «Shijoat», «Yettinchi o’q», «muxlis», «Inson qushlar ortidan boradi» (Dehli festivalida «eng yaxshi rejissura uchun» sovrinini olgan, 1977), «Mevazorlik ayol» kabi filmlari bilan tanilgan. Shuningdek, «Salom, Bahor!», «Turkiston», «O’zbekiston», «Toshkent jasorati» va boshqa hujjatli filmlarga ham rejissyorlik qilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971).