Hol

Hol (tilshunoslikda) — gapning ikkinchi darajali bo’laklaridan biri bo’lib, ishharakatning belgi-sifatini, uning bajarilish usulini, shu bajarilish bilan bog’liq bo’lgan o’rin, payt, sabab, maqsad, shart-sharoit, miqdor-daraja kabi xususiyatlarini ko’rsatadi. Hol ravish, fe’l, ot, sifat, son, olmosh kabi so’z turkumlari bilan, shuningdek, taqlidiy so’zlar bilan ifodalanadi: Odil uyalganidan qizarib ketdi (Oybek); Sulaymonov tantanali ravishda knopkani bosdi (Abdulla Qahhor); yetti o’lchab, bir kes (maqol). Ravishning barcha turlari Hol vazifasida kela oladi. Fe’lning ravishdosh, sifatdosh shakllari Hol vazifasida keladi. Masalan, Saida kulib so’zladi. Anvar jilmaygan holda kirib keldi. O’zbek tilida Hol mazmun jihatdan 8 xil bo’ladi: tarz Hol — ish-harakatning bajarilish holati, usuli va sifatini bildiradi, odatda fe’lga bog’lanadi: Ular juda sekin yurishdi (Oybek). Miqdor-daraja Holi — ish-harakatning bajarilish darajasini, shu bajarilish bilan birga bog’liq bo’lgan miqdorni bildiradi: ko’p o’yla, oz so’zla (maqol). Sabab Holi — harakat, holat yoki belgining ro’y berish sababini bildiradi. Bunday Hollar fe’l bilan ifodalangan bo’lakka ham, ot bilan (keng ma’noda) ifodalangan bo’lakka ham bog’lana oladi: qolaversa, kenja ukamizga jonimiz kuyganidan keldik (O.Yoqubov). Usha oqshom men andak sharob ichganim uchun kayfiyatim yaxshi edi (R.Tagor). Maqsad Holi — harakat, holat yoki belgining ro’y berishidagi maqsadni anglatadi: sizni deb bu yerga keldim, Yo’lchi aka (Oybek). Shart Holi — harakat, holatning biror shart asosida ro’y berishini bildiradi: Ishlasa, tishlaydi. To’siqsizlik Holi — harakat, holatning ro’y berishiga to’siq bo’la olmagan shartni bildiradi: U ko’rsa ham o’zini ko’rmaslikka soladi. O’rin Holi — harakat va holatning ro’y berishi, boshlanish, yo’nalish o’rnini va bu yo’nalishdagi so’nggi nuqtani bildiradi: Stantsiyadan temiryo’lchilar, shahardan hasharchilar etib keldi (A.Muxtor). Har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh-tarozu (Maqol). Payt Holi — harakat, holatning ro’y berish vaqtini anglatadi: erta-indin bu yerlar qam chamandek yashnaydi (Sh.Rashidov). So’nggi yillarda Hol bo’yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari Holning ma’no (mazmun) turlari keragicha taqlil qilingan bo’lsada, uning grammatik tabiati chuqur va atroflicha tavsif etilmaganligini ko’rsatadi. Amalga oshirilgan tadqiqotlar ham Holning faqat nutqiy ko’lamdagi tashqi belgilari, ma’nosi, vazifasi hamda ifodalanish xususiyatlarini talqin qilishga bag’ishlangan. Ad.Ubaeva F., Hozirgi o’zbek adabiy tilida hol kategoriyasi, T., 1971; O’zbek tili grammatikasi, 2-j., Sintaksis, T., 1976. Ilhomjon Madrahimov.