Hujjatlarni qalbakilashtirish
Hujjatlarni qalbakilashtirish — muayyan huquq beradigan yoki muayyan majburiyatlardan ozod etadigan rasmiy hujjatlar, shtamp, muhr, blankalar taiyorlash va foydalanish bilan bog’liq jinoyat. Asl hujjatlarning shakli va mazmunini o’zgartirish ham Hujjatlarni qalbakilashtirish hisoblanadi. Qonunda bu xildagi harakatlar uchun jinoiy huquqiy javobgarlik belgilab qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi JK ning 228-moddasida hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish bilan bog’liq jinoyat sodir etgan shaxslar eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yohud 6 oygacha qamoq bilan jazolanishi ko’rsatilgan. Bunday harakatlar takroran yoki xavfli residivist tomonidan; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo’lsa jazo yanada kuchaytiriladi. O’zbekiston Respublikasida oldin mavjud bo’lmagan hujjatlar yuzasidan qonunlar qabul qilinmoqda. Bular jumlasiga «axborotlashtirish to’g’risida»gi qonunning yangi tahriri (2003 yil 11 dekabr), «Elektron raqamli imzo to’g’risida»gi qonun (2003 yil 11 dekabr), «Elektron hujjat aylanishi to’g’risida»gi (2004 yil 29 aprel) qonunlar kiradi. Bu qonunlarda ham Hujjatlarni qalbakilashtirishga aloqador javobgarlik ko’rsatib o’tilgan. G’ayrat Ermatov.