Hindukush

Hindukush (forscha Hinduko’h – hind tog’i) — Osiyodagi tog’ sistemasi, asosan, Afg’oniston, shuningdek, Pokiston hududida (Janubiy-Sharqiy chekkasi). Uzunligi 800 kilometr chamasida, eni 350 kilometrgacha. Eng baland joyi 7690 metr (Tirich-Mir tog’i). Markaziy va Sharqiy qismlarining o’rtacha balandligi 4000 metr. Hindukush Janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa cho’zilgan bo’lib, Amudaryo, Hind va Hilmand daryolari havzalari o’rtasida suvayirgich vazifasini, iqlim va landshaft chegarasini bajaradi. Asosiy tizmalari — bobo, Pag’mon va boshqalar. Tog’lar Alp burmalanishi davrida vujudga kelgan. Zamini qadimgi Metamorfik jinslar (slanes, granit, ohaktosh va boshqalar)dan, shuningdek, mezokaynozoyning cho’kindi qatlamlaridan tarkib topgan. Seysmik faol zona. Iqlimi quruq, kontinental. Yillik yog’in 300-800 mm, Janubi-sharqi yozgi mussonlar ta’sirida bo’ladi. Iqlimi va landshafti balandlik mintaqalari bo’yicha o’zgarib boradi. Daryolari qor va muzdan to’yinadi, bahor va yozda to’lib oqadi. Shimol va Janubiy yon bag’irlari landshafti bir-biridan farq qiladi. Pastdan yuqoriga shimoliy qismidagi bo’z tuproqlarda ko’p yillik baland bo’yli o’tlar, shuvoq, pista, tog’ jigarrang va qizil tuproqlarda kserofit butalar, archa, kam chirindili tog’ cho’l tuproqlarida tog’quruq dasht yoki cho’l o’simliklari o’sadi. Nisbatan sernam Janubiy-Sharqiy yon bag’irlaridagi subtropik jigarrang tuproqlarda barg to’kuvchi quruq o’rmonlar va butalar, 2500 metrgacha balandlikda Hind-Himolay tipidagi keng bargli o’rmonlar, 2500 — 3300 metrda igna bargli va aralash o’rmonlar, 3300 — 3700 metr va undan balandda subalp va Alp o’tloqlari tarqalgan.