Qurtlar

Qurtlar — to’liq o’zgarish bilan rivojlanadigan hasharotlar (kapalaklar, qo’ng’izlar, ikki qanotlilar, pardaqanotlilar va boshqalar)ning tuxumdan chiqqan lichinkalari. Qurtlar tanasi bo’g’imlarga bo’lingan, cho’ziq, chuvalchangsimon (nomi shundan). Qurtlarning tuzilishi va hayot kechirishi voyaga yetgan hasharotlardan keskin farqqiladi. Masalan, kapalaklar Qurtlari bir xildagi ko’p sonli bo’g’imlardan iborat; 3 juft ko’krak oyoqlari bilan birga bo’g’imlarga bo’linmagan 5 juft kalta soxta qorinoyoqlari bor. Qorin-oyoqlar yurish, ko’krak oyoqlar harakatlanish vazifasini bajaradi. Qurtlar ichagining kuchli rivojlanganligi, qorin nerv zanjirida ko’p sonli nerv gangliylarining bo’lishi bilan voyaga yetgan hasharotlardan farq qiladi. Qurtlarning og’iz organlari kemiruvchi tipda. Qurtlar voyaga yetgan hasharotlarga nisbatan birmuncha sodda tuzilgan: murakkab ko’zlari, qanotlari bo’lmaydi. Hasharotlarning Qurtlari tuzilishiga binoan bir necha guruhga bo’linadi: ko’krak oyoqlari bilan birga qorin bo’limida ham soxta oyoqpari bo’ladigan Qurtlar (kapalaklar, arrakash arilar, yaydoqchilar); ko’krak bo’g’imlarida 3 juft oyoqlari bo’lgan chuvalchangsimon qurtlar (qo’ng’izlar); tana bo’g’imlari aniq ko’rinmaydigan, ko’krak oyoqlari bo’lmaydigan, lekin bosh qismi yaxshi rivojlangan kam harakat Qurtlar (ko’pchilik pardaqanotlilar, qo’ng’izlar); og’iz organi reduktsiyaga uchragan, substratning o’zida (masalan, xo’jayin tanasida) rivojlanadigan (parazit pardaqanotlilar) yoki voyaga yetgan hasharotlar oziqlantiradigan Qurtlar (arilar, termitlar, chumolilar); boshsiz va oyoqsiz Qurtlar (pashshalar, so’nalar, so’qirlar) ham ajratiladi. Qurtlar 4-5 marta tullash orqali o’sadi; oxirgi tullashdan so’ng g’umbakka aylanadi. G’umbak davrida Qurtlarning organlari yemirilib, voyaga yetgan hasharotlar uchun xos organlar hosil bo’ladi. Bir qancha hasharotlarning Qurtlari. Qishloq xo’jaligi ekinlarining xavfli zararkunandasi.