ASSOTSIATSIYA

ASSOTSIATSIYA (lotincha associo — birlashish, qo’shish) — umumiy maqsadga erishish uchun tuzilgan uyushma, ittifoq, guruh.

ASSOTSIATSIYA (psixologiyada) — muayyan sharoitda psixologik hosilalar orasida paydo bo’ladigan aloqa. Assotsiatsiya inson ongidagi avvalgi turmush tajribalari bilan belgilanadigan tasavvurlar bog’lanishi, shu bog’lanishlar tufayli ongda paydo bo’lgan muayyan tasavvurlar o’xshashlik, yondoshlik va qaramaqarshilik belgilariga ko’ra, shunga bog’liq bo’lgan boshqa tasavvurlarni hosil qiladi. Assotsiatsiya o’tmish tajribasi asosida paydo bo’lib, narsa va voqealarning ob’yektiv aloqalarini aks ettiradi. Bir ruhiy jarayonning namoyon bo’lishi Assotsiatsiya tufayli ikkinchi (avvalgisi bilan bog’liq bo’lgan) ruhiy jarayonni vujudga keltiradi. Asosan uch xil Assotsiatsiya mavjud: qarama-qarshilik Assotsiatsiyasi — avval idrok qilingan qarama-qarshi sifatlarga ega bo’lgan narsa va hodisalarning birortasini takror idrok qilish yoki tasavvur qilish munosabati bilan boshqalari obrazlarining ixtiyorsiz ravishda ongda gavdalanishidan iborat qonuniyat. Masalan, «urush» so’zi idrok qilinsa, beixtiyor «tinchlik» eslanadi. Yondoshlik Assotsiatsiyasi — avval bir vaqtda yoki ketma-ket idrok qilingan narsa va hodisalarning birontasini qayta idrok qilish yoki tasavvur munosabati bilan ixtiyorsiz ravishda ongda boshqalarining ham obrazlari gavdalanishidan iborat qonuniyat. Masalan, «vokzal» so’zi idrok yoki tasavvur qilinsa, temir yo’l, vagon, yo’lovchilar ham esga tushadi. O’xshashlik Assotsiatsiyasi — bir-biriga o’xshash belgilarga ega bo’lgan narsa va hodisalarning birortasini idrok yoki tasavvur qilish munosabati bilan ongda boshqalarining ham obrazlari ixtiyorsiz ravishda tiklanishidan iborat qonuniyat. Masalan, Hasan va Husanning biri idrok qilinsa, ixtiyorsiz ravishda ikkinchisi eslanadi. Inson psixik hayotida Assotsiatsiyalarning ahamiyati katta: bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirish, xotirani rivojlantirish Assotsiatsiyalarga asoslanadi. Assotsiatsiyalarning fiziologik asoslari bosh miya yarim sharlari qobig’ida hosil bo’ladigan muvaqqat nerv bog’lanishlaridir. G’ayrat Shoumarov.

ASSOTSIATSIYA (biologiyada) – tuzilishi va turlar tarkibi bir xil, turlarining tashqi muhit va bir-biri bilan munosabatlari o’xshash bo’lgan fitosenozlar majmui. Assotsiatsiya — o’simliklar tasnifining asosiy birligidir. U muayyan muhit sharoiti — iqlim, tuproq va hayvonlar tarkibi bilan bog’liq. Bitta Assotsiatsiyaga mansub o’simliklarning rivojlanish muddatlari va yashash sharoiti o’xshash bo’ladi. Har bir Assotsiatsiya boshqasidan o’simliklar qoplamining muayyan mahsuddorligi bilan farq qiladi. Tashqi muhit sharoiti va flora tarkibi o’zgarishi bilan Assotsiatsiya ham o’zgaradi. Masalan, Yevropaning hoz. keng bargli o’rmonlari uchlamchi davrdagi nina bargli o’rmonlar o’rniga paydo bo’lgan. O’z navbatida bu o’rmonlar o’rnida kelajakda boshqa o’simliklar Assotsiatsiyasi vujudga kelishi mumkin. Har bir Assotsiatsiya o’z arealiga ega. Relef, gidrolik rejim va tuproq sharoitining o’zgarishi, antropogen omillarning bevosita (yerlarning o’zlashtirilishi, gidrotexnik inshootlar qurilishi) yoki bilvosita (mol boqilishi) ta’sirida Assotsiatsiya tubdan o’zgarishi mumkin. Turli Assotsiatsiyaning nomi ular tarkibida eng ko’p uchraydigan bitta yoki bir nechta o’simlik orqali ifodalanadi (masalan, cho’l sharoitida qo’ng’irbosh-shuvoq yoki saksovul Assotsiatsiyasi; to’qaylarda qamish-qiyoq, qizilmiyaajriq yoki turang’il-terak Assotsiatsiyasi; tog’larda yong’oq-tog’olcha, do’lana-olma yoki archa Assotsiatsiyasi). Assotsiatsiyani baholashda dominant o’simlikning xususiyatlari hisobga olinadi. Assotsiatsiya tushunchasi o’simliklar qoplamini xaritaga tushirish, ular uchun mos bo’lgan hududlarni to’g’ri rayonlashtirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi muammolarni hal etishda katta ahamiyatga ega.

ASSOTSIATSIYA (kimyoda) —molekulalar yoki ionlarning molekulalararo elektr tabiatli harakat kuchi ta’sirida guruhlarga birlashishi. Agar suyuqlik molekulalari o’zaro ikki va undan ortiq holda birlashib, yirik zarrachalar shaklida bo’lsa, bunday suyukliklar Assotsiatsiyalangan suyukliklar deb ataladi (masalan, suv, spirt, organik kislotalar). Molekulalar tarkibida elektr manfiy atomlar (Fg’O2″, N3) bilan bog’langan vodorod bo’lsa, Assotsiatsiya vodorod bog’i hisobiga ro’y beradi (masalan, suv, spirtlar, karbon kislotalar, amidlarda). Elektrolit eritmalarida esa Assotsiatsiya ionlararo Kulon kuchlari ta’siri hisobiga sodir bo’ladi.