Kaskad tog’lari
Kaskad tog’lari — shimoliy Amerika Kordilera tog’lari sistemasidagi tog’ tizmasi, AQSh va Kanadada. Uzunligi 1000 kilometrga yaqin. Eng baland joyi 4392 metr (Reynir vulkani). Tizma yon bag’irlarini kesib tushgan Kolumbiya, Freyzer, Klamat va boshqalar daryolarda zinapoyasimon sharshara (kaskad)larning ko’pligidan Kaskad tog’lariga shunday nom berilgan. Kaskad tog’larining zamini mezozoy kristalli jinslaridan tuzilgan, ularning ustini vulkan jinslari qoplagan. Rangli metall va oltin konlari topilgan. Vulkan konuslarining yon bag’irlarida issiq buloq ko’p. Sernam g’arbiy yon bag’rida igna bargli qalin o’rmonlar, Sharqiy, quruq yon bag’rida 2800-3000 metrdan yuqorida subalp va Alp o’tloqlari, cho’qqilarida qor va muzliklar bor. Milliy parklar (Kreyter-Leyk, Maunt Reynir, Lassen-Volkanik) bor.