Karmel
Karmel — Falastinning shimoliy qismi (Isroil davlati hududi)dagi tog’. Uning g’arbiy yon bag’ridagi Tabun va Sxul g’orlaridan 1929-34 yillarda qadimgi odamlarning suyaklari, tosh qurollari chiqqan. Tabun g’oridan neandertal ayolning deyarli butun skeleti va erkak kishining pastki jag’ suyagi topilgan. Sxul g’oridan turli xilda saqlangan o’nlab skelet suyaklari aniqlandi. Ular 45-40 ming yil muqaddam yashagan kishilarga mansub. Ba’zi olimlarning fikricha, Karmel g’orlaridagi aholi — neandertal tipidagi odamlarning hozirgi zamon odami bilan aralashuvi natijasidir; boshqa olimlar esa uni qadimgi odamlarning yangi tipga evolyutsion (tadrijiy) o’tishi mahsuli deb hisoblaydilar.