Ofarinkent
Ofarinkent — Zarafshon vodiysining o’rta qismidagi o’rta asrlarga oid shahar va tuman. Miyonkolning yuqori qismini Sug’di Xurd (kichik Sug’d) yoki Nim Sug’da (yarim Sug’d) tumani egallagan bo’lib, Temuriylar davrida Ofarinkent shahri uning markazi edi. «Qandiya»da aytilishicha, Ofarinkent shahri Samarkand hukmdori G’urak davrida (8-asr) qurilgan. Shayboniylar davridan bu tuman Ofarinkent deb atala boshlagan. U Shayboniy sultonlaridan Iskandarga (Abdullaxon II ning otasi) mulk sifatida berilgan. Hofiz Tanish al-Buxoriy Ofarinkentni Miyonkoldagi «iqlimi juda qulay, sersuv, ochiq ko’ngilli va tenchliksevar aholi yashaydigan eng yaxshi joydir», deb ta’riflaydi. Ashtarxoniylar davrida ham Ofarinkent hokim, bek yoki qo’shin qozisining qarorgohi bo’lib xizmat qilgan. Keyinchalik Ofarinkent o’z o’rnini Dahbedga bo’shatib bergan. 18-asrning 2-yarmi va 19-asrning 1-yarmida Ofarinkent ma’muriy jihatdan Buxoro amirligining Samarqand bekligi tarkibiga kirib, manbalarda tuman va shahar sifatida eslatiladi. «Ofarinkent» atamasi 20-asr boshigacha saqlangan. Hozirgi bu joy Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani tasarrufida bo’lib, Primkent qishlog’i nomi bilan ma’lum. Qadimgi Ofarinkent shahar xarobasi saqlangan.