Otlashuv

Otlashuv, substantivatsiya — transpozisiyaning bir turi, boshqa turkumga oid so’zlarning otga ko’chishi. Sifat, son, ravish, sifatdosh, harakat nomi otlashadi, kelishik, egalik va ko’plik affikslarini qabul qilib, ot bajargan sintaktik vazifani bajaradi. Otlashgan so’z predmetning belgisini yoki boshqa xususiyatlarini emas, balki uning o’zini bildiradi va ot javob beradigan so’roqlarning biriga javob bo’lib keladi. Sifat va sifatdoshlar ko’proq ot xususiyatiga ega. Sifat quyidagi hollarda otlashadi: a) predmet-aniqlanmish tushib qolganda: ko’r tutganini qo’ymas, kar eshitganini (kar odam, ko’r odam); b) kishi yoki hayvonlarning tabiiy holatini (nuqson, kamchiliklarini) bildiruvchi sifatlar aniqlanmishsiz ot tarzida qo’llanganda: pakana, cho’loq, maymoq, malla, kal, semiz. Sifatdoshlar otlashganda, otlarga xos sintaktik vazifalarni bajaradi: bilmaganni so’rab o’rgangan olim, orlanib so’ramagan o’ziga zolim (maqol). Son abstrakt ma’noda qo’llansa, u ko’pincha otga yaqin vazifani bajaradi: o’nning yarmi besh. Bilagi zo’r birni yiqar, bilimi zo’r mingni yiqar (maqol). Harakat nomi harakatning bajarilishi va u bilan bog’liq bo’lgan boshqa ma’nolarni bildirmaydi, balki harakat-holatning nomini bildiradi. Shu sababli Otlashuvlarga xos Grammatik ko’rsatkichlarni qabul qiladi va gapda Otlashuvlarga xos vazifalarni bajaradi: o’tirishga, ko’rishim, yeyishi, yotishda, ketuvini. Otlashgan so’zlar emotsional — ekspressiv yoki ko’chma ma’no ifodalashi mumkin: zahar (odam), tilla (bola), shakar (qiz) kabi.