ASTROFOTOGRAFIYA
ASTROFOTOGRAFIYA (ostro… va fotografiya) — astronomik kuzatuvlar usuli; osmon yoritqichlarini fotografik yo’l bilan suratga olishga asoslangan. Astrofotografiya kosmik jismlarning nisbiy koordinatalari va harakatlarini aniqlash, parallakat o’lchash, Quyoshning to’la tutilishi paytlarida Eynshteyn effekti kuzatish va boshqa qator masalalar bilan shug’ullanadi, astrofizika, yulduz astronomiyasi va osmon mexanikasiga oid zarur ma’lumotlarni beradi. Teleskop yordamida ko’zga ko’rinmaydigan juda xira kosmik jismlarni ham fotografik yo’l bilan suratga olish mumkin. Ultrabinafsha va infraqizil nurlarga juda sezgir fotoemulsiya ixtiro qilinganidan keyin koinotni o’rganishga keng yo’l ochildi. Bir vaqtning o’zida bir qancha kosmik jismlar yoki ob’yektning to’la tasvirini olish fotografik kuzatish usulining muhim xususiyatlaridan biridir. Fotosurat olingandan keyin uni sinchiklab o’rganib, yulduzlar xaritasi va katalogi, Quyosh, oy, sayyoralar, kometalar, tumanliklar, galaktikalar va boshqa kosmik jismlar haqida yangi-yangi ma’lumotlar olinadi. Fotografiya, dastlab, Quyosh va Oyning suratini olishda ishlatildi. Quruq fotoemulsiya paydo bo’lganidan so’nggina yulduz va tumanliklarning fotosuratini olish imkoniyati tug’ildi. 1891 yilda fotografik usul bilan birinchi kichik sayyora ochildi. Kometa va asteroidlarning deyarli hammasi Astrofotogragiya usuli bilan kashf qilinadi. Fotografik usulning astrofizikada qo’llanishi muhim ma’lumotlarni olishga va uning keskin rivojlanishiga imkon berdi. Yulduz qanchalik ravshan bo’lsa, fototasvirning diametri shunchalik katta va qoramtir bo’ladi. Fotografiyaning bu xususiyati tufayli fotometriya paydo bo’ldi.