Tuva (Tiva) soyligi

Tuva (Tiva) soyligi – Yeniseyning yuqori havzasida, Janubiy Sibir tog’lari orasidagi soylik. Tiva Respublikasida. G’arbiy Sayan, Oltoy, Tannuo’la tog’tizmalari va Sharqiy — Tuva (Tiva) tog’lari bilan o’ralgan. G’arbiy — Xemchik va Sharqiy Ulug’ Xem soyligiga bo’linadi. Uzunligi 400 kilometr, eni 25-70 kilometr. Yer yuzasi pastbaland tekislik, kam o’yilgan. Balandligi 600— 900 metr. Toshshagalli kashtan tuproklarda boshoqlishuvoq dasht o’simliklari o’sadi. Qisman haydalib, ekin ekiladi (bug’doy, arpa, tariq). Chorvachilik (asosan, go’shtjun qo’ychiligi) rivojlangan. Tuva soyligida choda, shuningdek, Akdovurak va boshqa shaharlar bor. Toshko’mir (Ulug’ Xem havzasi) qazib olinadi.