Navoiy viloyati
Navoiy viloyati – O’zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1982 yil 20 aprelda Buxoro va qisman Samarqand viloyatlari hududlaridan tashkil etilgan. 1988 yilda ma’muriy birlik sifatida tugatilib, 1992 yil boshida qayta tiklandi. Shimol va shimoli-sharqdan Qozog’iston, Janubi- sharqdan Jizzax, Samarqand, Janubdan Qashqadaryo, Janubi-g’arbdan Buxoro viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 111,0 ming km2. Aholisi 802,3 ming kishiga yaqin (2003). Navoiy viloyati tarkibida 8 qishloq tumani (Konimex, Navbahor, Navoiy, Nurota, Tomdi, Uchquduk, Xatirchi, Qiziltepa, 5 shahar (Zarafshon, Qiziltepa, Navoiy, Nurota, Uchquduq), 8 shaharcha (Konimex, Langar, Malikrabot, Muruntov, Tinchlik, Shalqar, Yangirabot, G’ozg’on) va 53 qishloq fuqarolari yig’ini bor (2003). Markazi — Navoiy shahri. Tabiati. Navoiy viloyatining hududi tabiiy sharoitiga ko’ra, 3 qismga bo’linadi: viloyatning shimoliy-g’arbiy qismini Qizilqum cho’li egallagan — bu yerda berk botiqlar (Karaqota, Mo’lali, Mingbulok), eol qumli tekisliklar va qoldik tog’lar (Ovminzatog’, Yetimtog’, Bo’kantov, Tomditov va hokazolar) bor; Janubiy-Sharqiy qismini Nurota tog’ tizmalarining g’arbiy qismi past va o’rtacha balandliklardagi tog’lar (Qoratog’, Oktog’ va boshqalar) hamda tog’lararo botiqlar (Nurota botig’i va boshqalar) egallagan; Zarafshon daryosi vohasining o’rta qismida viloyatning paxtachilik zonasi o’rnashgan. Navoiy viloyatidagi tog’lar, asosan, silur, devon, toshko’mir, bur, paleogen, neogen davrlari jinslaridan tuzilgan. Tekislik va qumliklar to’rtlamchi geologik davrdagi kompleks tabiiy omillar ta’sirida o’zgargan. Muruntovda oltin, Ovminzatog’ shimolda grafit topilgan. Viloyatda volfram, fosforitlar, kvars qumi, tsement, ohaktoshning zaxiralari mavjud. Navoiy viloyatida mineral shifobaxsh, sho’r va yer osti chuqur suv zaxiralari aniqlangan. Chunonchi, Tomdibulok, Qaraqota, Chingildi atroflaridan topilgan suvlardan xo’jalikda keng foydalanilmoqda. Viloyat seysmik jihatdan 7 balli zilzila zonasiga kiradi. Qizilkum cho’li tufayli iqlimi keskin kontinental cho’l iqlimi: yozi uzoq, quruq. issiq, iyulda o’rtacha temperatura 27,2—29,6°, kumda oftobda temperatura 60-70° gacha ko’tariladi. Yanvarda o’rtacha temperatura — 1,9° dan -0,6° gacha. Cho’l va yaylovlarda, vohalarda iqlim o’rtacha. Yog’in, asosan, bahor va qishda yog’adi. Yillik yog’in 125— 282 mm. Vegetatsiya davri 177-212 kun. Navoiy viloyatining asosiy suv manbai — Zarafshon daryosi. Zarafshondan Konimex kanali chikarilgan. Navoiy viloyatini suv bilan ta’minlashda Quyimozor, To’dako’l suv omborlari, konimex kanalining ahamiyati katta. Viloyatning shim. va g’arbiy katta qismi ko’chma qum barxanlari, unda-bunda uchraydigan gilli cho’llardan iborat. Astragal, shuvok, sho’ra, isiriq, qamish, zarpechak, saksovul, yulg’un, va boshqa cho’l o’simliklari o’sadi. Cho’l tuproqlarida chirindi kam, ohak, gips, eruvchi tuzlar ko’p. Cho’l o’simliklari, ayniqsa, sho’ra, shuvoq kabilar Qorako’l qo’ylari va boshqa mollar uchun ozuqa bo’ladi. Bukantovda va Mingbuloq botig’ida qobon, bo’ri, chiyabo’ri, tulki, uzun dumli mushuk, cho’l mushugi, boshqa yerlarda malla yumronqoziq, kalamush, sichqon, sug’ur, sassiqko’zan, jayron, kaltakesak, turli xil ilonlar, toshbaqa, qushlardan tuvaloq, qorabovur, Olabovur, qirg’ovullar, qarg’a, hakka, musicha, chumchuq uchraydi. Qizilqum cho’lida pastak ko’hna tog’lar, Mingbuloq botig’i, shuningdek, Qaraqota havzasi, sho’rxok tekisliklar va pastliklar, qator qum tepalari alohida manzara kashf etgan. Yaylovlarda chorva boqiladi. Saksovul, Qandim, cherkez, singren, oqpechak, selin, efemer va sho’ralar chorva mollari uchun ozuqa. Aholisining ko’pchiligini o’zbeklar (63,3%) tashkil etadi. Shuningdek, rus (13,5%), qozoq (11,5%), tatar (2,6%), ukrain (1,4%), qoraqalpoq (1,4%), to- jik (1,3%), Ozarbayjon (0,9%), Belorus (0,2%) va boshqa millat vakillari yashaydi. 1 km2 ga o’rtacha 7 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar — 319,7 ming kishiga yaqin, qishloq aholisi — 482,6 ming kishidan ziyod (2003). Xo’jaligi. Sanoatining etakchi tarmoqlari energetika, konchilik (oltin va boshqa metallar qazib olish), metallurgiya, kimyo, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati korxonalaridan iborat. Yirik korxonalari: Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Navoiy issiqlik elektr stantsiyasi, «Navoiyazot» ishlab chiqarish birlashmasi, «Qizilqumtsement», «elektrkimyo», «Nurotamarmar» korxonalari, mahalliy sanoat kontserni. To’kma kon chiqindilaridan oltin ajratib oluvchi «Zarafshon-Nyumont» o’zbek-Amerika qo’shma korxonasi samarali faoliyat ko’rsatyapti. Ulardan tashqari «Agama», «Zerispark», «Bentonit» va boshqa qo’shma korxonalar ishlab turibdi. Jami 20 dan ortiq qo’shma korxona bor. 730 ga yaqin kichik korxona, 30 shirkat korxonasi, 10 mingdan ziyod kichik va o’rta biznes sub’yektlari faoliyat ko’rsatmoqda. Kichik korxonalardan «Ittifoq», «Navoiy» (qurilish materiallari ishlab chiqaradi), «Edem» korxonalarining hissasi salmoqlidir. Eksport qilinadigan mahsulotlarning aksari qismini paxta tolasi, ammiak selitrasi, kimyoviy tola, sulfat ammoniy, ortoaminofenol tashkil qiladi. Chetdan xalq iste’moli mollari, kaltsiy karbid, kaustik soda, tiomochevina, tikuv uskunalari, tibbiy texnika, yuk va yengil avtomobillar, avtobuslar va ularga ehtiyot qismlar, xo’jalik uskunalari keltiriladi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari — paxtachilik, g’allachilik; shuningdek, bog’dorchilik, tokchilik, sabzavotchilik, pillachilik, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish bilan ham shug’ullaniladi. Chorvachiligi ko’p tarmoqli. 228 ming donadan ziyod Qorako’l terisi tayyorlanadi (2003). Navoiy viloyati Qorako’l teri tayyorlash bo’yicha respublikada 1-o’rinda turadi. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar maydoni 9266,2 ming gektar, haydaladigan yer maydoni 111,1 ming gektar, yaylovlar 9137,5 ming gektar (2003). Barcha ekin maydoni 112,6 ming gektar, shu jumladan, paxta 39,4 ming gektar, don ekinlari 42,0 ming gektar, kartoshka, sabzavot, poliz ekinlari 1,4 ming gektar yerga ekiladi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2,6 ming kilometr kollektor drenaj tarmoqlari, 138 zax qochirish qudug’i qurilgan. Navoiy viloyatida dehqonchilik maydonlari AmuBuxoro mashina kanali Navoiy, O’rtacho’l, Amu, sumbul, mayna tarmoqlari hamda Zarafshon daryosidan suv oladigan Toss, Shovot, Chovli, o’ng va chap qirg’oq, navkar, konimex kanallari orqali suv bilan ta’minlanadi. 32 yirik suv chiqarish elektr nasos stansiyalari ishlab turibdi. Navoiy viloyatida 75 shirkat, 4 ming fermer xo’jaliklari mavjud. Viloyat jamoa va xususiy xo’jaliklarida 200,0 ming qoramol (shu jumladan, 96,4 ming sigir), 1458 ming qo’y va echki, 723 ming parranda bor (2003). Transporti. Temir yo’llarning uzunligi — 390,7 kilometr, avtomobil yo’llarniki— 4,1 ming kilometr (shu jumladan, qattiq qoplamalisi — 3,3 ming kilometr). Toshkent— Buxoro — Turkmanobod, Toshkent- Uchquduq — Nukus yo’nalishlaridagi temir yo’l liniyalari viloyat hududidan o’tadi. Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlarida zamonaviy aeroportlar bor. Havo yo’llari Navoiy shaharni Toshkent orqali Respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan bog’laydi. Madaniy-maorif, sog’liqni saqlash va sport. 2002/2003 o’quv yilida viloyatda 376 umumiy ta’lim maktabi bo’lib, 201,3 ming o’quvchi, 5 gimnaziyada 6,4 mingga yaqin o’quvchi, 2 akademik litseyda 1040 o’quvchi, 11 musiqa va 19 sport maktabida 16795 o’quvchi ta’lim oldi. Navoiy viloyatida 2 oliy o’quv yurti (Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat konchilik instituti) bor. Bu oliy o’quv yurtlarida 7,7 ming talaba ta’lim oladi (2003). Viloyat shahar va tumanlarida 1998-2003 yillarda 18 kollej va akademik litseylar binolari ishga tushirildi. Ular zamonaviy o’quv qurollari va texnika bilan jihozlandi. Viloyatda 23 kasb-hunar kollejida 16,03 ming talaba o’qiydi. Navoiy o’lkashunoslik muzeyi, uning Qosim Shayx majmuasi filiali va viloyatdagi 7 ta bo’limi, 253 jamoat kutubxonasi (1893 ming nusxa asar), 105 dan ziyod klub, 7 madaniyat saroyi, 429 badiiy havaskorlik jamoalari bor. Navoiy viloyatida yosh tomoshabinlar teatri faoliyat ko’rsatadi. Viloyatda 5 madaniyat va istirohat bog’i, ko’plab favvorali ko’kalamzor xiyobonlar mavjud. Zarafshon va Navoiy shaharlarida mehnatkashlarning xordiq chiqarishi uchun sun’iy ko’llar barpo qilingan. Bir qancha tumanlarda bog’lar yaratilgan. Xalq hunarmandchiligi ham rivojlangan. Sog’liqni saqlash. Navoiy viloyatida 3223 o’rinli (10 ming kishiga 45,3 o’rin), 40 kasalxona muassasasi, 1567 vrach, 7,013 ming o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlab turibdi. 85 ayollar konsultatsiyasi, 93 qishloq vrachlik punkti, 116 feldsher-akusherlik punkti, 16 qishloq uchastka kasalxonasi bor. 18 poliklinika, 3 ambulatoriyada ixtisoslashtirilgan davolash markazlari tashkil etilgan. Viloyatda 4 profilaktoriy faoliyat ko’rsatadi. Sport. Navoiy viloyati sportchilari sportning ko’plab turlari bo’yicha nufuzli musobaqalarda ishtirok etmoqdalar (kurash, voleybol, futbol, tennis, boks va boshqalar). Viloyatdan sportning suzish, nafis gimnastika, og’ir atletika, armestling, pauerlifting turlari bo’yicha mamlakat va Osiyo chempionlari yetishib chiqqan. Markaziy stadion, tumanlarda 13 stadion, 14 suzish havzasi, sport majmui, 190 sport zallari, 1287 sport maydonchalari, 18 tennis korti mavjud. Navoiy viloyatida 19 bolalar va o’smirlar maktabida 15 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oladi, sport sektsiyalariga 68 mingga yaqin yoshlar jalb etilgan (2003). Adabiyoti. Navoiy zaminida qadimdan mashhur allomalar, shoir va faylasuflar, adib va muxaddislar, moqir xattot va tarjimonlar yashab o’tgan. Karminiy taxallusi bilan ijod qilgan bir necha o’nlab ijodkorlarning nomlari ma’lum. Shulardan Abu Abdulloh Muhammad ibn Zav’al Karminiy, Abu Hamid Ahmad ibn Lays al Karminiy (996 yil vafot etgan), Al Muntasir ibn Muhammad al Karminiy va boshqalar. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Zav’ al-Karminiy Qur’onga tafsir bitishi bilan birga Arab, fors she’riyati nazariyasini ishlab chiqqan, ilk marta Arab, fors, turk maqollarini qiyosiy o’rgangan. Najmiddin Abulvafo al-Bo’zjandiy (9-asr), Zabeho as-Samarqandiy (16-asr) Karmanada tug’ilib boshqa shaharlarda ijod etganlar. Shuningdek, shoirlar Shayx Pahlavon Muhammad g’olib (18-asr), Mavlono dilkash Tanburiy (19-20-asr boshlari), Shayx ko’riy Muhammad Hasan (1823 — 1921) va boshqa shu yurt farzandlaridir. 20-asrda Navoiy viloyatidan chiqqan ijodkorlar Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari adabiy muhitida shakllandilar. Karmanalik shoir Sa’dulla Mahmudovning ilk kitobi 1939 yilda nashr etilgan. Shundan keyin Dushan Fayziy, Toshpo’lat Hamid, Yodgor Baxshi, Raybulla Salomov, keyinchalik Oydin Hojiyeva, Sulaymon Rahmon, G’affor Hotamov, Hosiyat Bobomurodova, Odil Hotamov, Amir Po’lkan o’g’li, Ashurali Jo’rayev, Marusa Hosilova, Nazira Yo’ldoshevalar adabiyot maydoniga kirib kelishdi. Faylasuf olim Naim G’oyibov Ahmad Donish merosidan «Navodir al-vaqoe'»dan lavhalar tarjima qildi. 1990-yillar boshlaridan Aziz Saidov, Halima Ahmedova, Faxriddin Nizomov, vafo Fayzullayev, Barno Eshpo’latov, Bektemir Pirnafasov, Surayyo Zoirova, Farhod Arziyev singari yosh shoirlar faol ijod qilmoqdalar. Ayni paytda qozoq va tojik tilida yozayotgan ijodkorlar safiga rus tilida asarlar yaratayotgan yosh adiblar ham qo’shildi. Ibodulla Jahongirov Ozarbayjon yozuvchisi anorning «oq Ko’rfaz» qissasini tarjima qildi. Navoiy viloyatida O’zbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, me’morlar, jurnalistlar va boshqalar)ning viloyat tashkilotlari faoliyat ko’rsatmoqda. Matbuoti, radio va televideniyesi. Navoiy viloyatida 2 gazeta («Do’stlik bayrog’i», «znamya drujbi»), 9 tuman gazeta, 1 shahar gazeta chiqadi. Viloyatda, shuningdek, 22 tarmoq va tijorat gazeta, 2 jurnal nashr etiladi. Navoiy viloyatida dastlabki radio-eshittirishlar 1982 yilda boshlangan. 1982 yildan viloyatda telestudiya tashkil etilib teleko’rsatuvlar berila boshladi. Viloyatda shuningdek, «Qizilqum» (2002 yildan) nodavlat telekanali ko’rsatuvlar olib boradi. Me’moriy yodgorliklar. Navoiy viloyatida qadimgi davr, ilk va o’rta asrlarda qurilgan 10 dan ziyod me’moriy yodgorliklar bor. Shulardan qadimgi Karmanadagi Mirsaid Bahrom maqbarasi (11-asr), Qosim Shayx me’moriy majmuasi (16-asr), Katta Gumbaz masjidi (17-18-asrlar), Qiziltepa tumani Vang’ozi qishlog’idagi Toshmachit (16— 19-asrlar), Nurota tumanidagi Abdullaxon bandi (16-asr), Buxoro — Navoiy yo’lidagi Raboti Malik karvonsaroy va sardobasi (11-asr) mashhur. Viloyatda 30 ga yaqin arxeologiya yodgorliklari mavjud. Ayniqsa, Navbahor tumani Uchtut qishlog’idagi shaxta (neolit davri), Nurota tumani hududidagi Qoratog’da o’yib yozilgan qoyatosh yozuvlari (miloddan avvalgi 3-asr) va boshqa tarixchilar diqqatidadir. Qahramon Rajabov, Zulxumor Abdiyeva, Barno Eshpo’latov.