«Nyumont mayning»

«Nyumont mayning» (inglizcha -yangi tog’ konlari) — jahondagi oltin qazib chiqaradigan va sotadigan yirik korporatsiya. Markaziy boshkaruv idorasi AQShning Kolorado shtata Denver shahrida. «Nyumont mayning» 1921 yilda AQShning Delaver shtatida ta’sis etilgan. Faoliyatining dastlabki yillarida foydali qazilmalarni (asosan, nikel, mis, kumush, oltin, kumir va boshqalar) qidirish, qazib olish va ishlab chiqarish bilan shug’ullangan. 20-asrning 80-yillaridan boshlab korporatsiya oltin ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2002 yilda bir yilda oltin ishlab chiqarish hajmini 270 tonnaga, mis ishlab chiqarishni 8 million tonnaga yetkazib, dunyoda 1-o’ringa chiqib oldi. Korporatsiya o’z faoliyati davomida ishlab chiqarishni kengaytirishga, yangi konlarni qidirib topishga, rudadan ajratib olinadigan oltin miqdorini ko’paytirishga, ishlatiladigan texnika va texnologiyani takomillashtirishga katta e’tibor beradi. Natijada 1 untsiya (31,4 gramm) oltin ishlab chiqarish tannarxini jahondagi eng past miqdorga — 175 dollarga pasaytirishga erishdi. Korporatsiya konlari AQShning Shimoliy Nevada va Kaliforniya Shtatlari, Peru, Indoneziya, Avstraliya, Meksikada joylashgan. O’zbekistonda «Zarafshon—Nyumont» qo’shma korxonasini tashkil etgan. «Nyumont mayning»har yili jahon bozorida 1,4 milliard AQSh dollari miqdorida oltin sotadi. Jami ishchixizmatchilar soni 10 mingdan ziyod.