AURELIYALAR
AURELIYALAR, dengiz likopchalari (Aurelia) — stsifomeduzalar sinfi diskomeduzalar turkumiga mansub meduzalar urug’i. Tanasi soyabon shaklida, diametri 5-10 santimetr, ba’zan 40 santimetrgacha. Soyaboni atrofida juda ko’p kalta paypaslagichlari, ular asosida 8 ta statosistlari joylashgan. Og’zi soyabonining ostki qismida, kvadrat shaklida. Og’iz atrofidan 4 ta og’iz bo’laklari osilib turadi. Aureliyalarning shaffof tanasi orqali oshqozon devorida joylashgan 4 ta qizg’ish taqasimon jinsiy bezlari ko’rinib turadi. Aureliyalar soyaboni devori muskullarining qisqarishi tufayli sekin suzadi. U hayot tsiklida jinsiy Meduza bosqichini jinssiz polip bosqichi bilan almashtirib turadi. 7 turi ma’lum. Qora, Boltiq, Barents, oq dengizlarda Aureliyalar aurita keng tarqalgan, ba’zan suv yuzasida juda ko’p miqdorda paydo bo’ladi. Uzoq Sharq dengizlarida bu tur bilan birga Aureliyalar limbata uchraydi. Aureliyalar baliqlarga oziq bo’ladigan mayda plankton organizmlar va baliq chavoqlari bilan oziqlanib, baliqchilikka ziyon keltiradi.