Naxichevan
Naxichevan — Ozarbayjondagi shahar. Naxichevan Muxtor Respublikasi poytaxti. Naxichevanchayning (Araks irmog’i) o’ng sohilida. Temir yo’l stantsiyasi. Avtomobil yo’llari tuguni, aeroport bor. Aholisi 61,7 ming kishi (1990- yillar o’rtalari). Oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari, elektrotexnika, radiotexnika zavodlari, mebel fabrikasi bor, qurilish materiallari ishlab chiqariladi, tosh tuzi qazib olinadi. Universitet, Ozarbayjon Fanlar Akademiyasining ilmiy markazi, teatr, tarix, adabiyot muzeylari, suratlar galereyasi mavjud. Naxichevan miloddan avvalgi 6-asrlarda vujudga kelgan. 11-asrda Saljuqiylar davlati markazi, 12-asrda Eldegizilar davlati poytaxti, 1828 yildan Rossiya imperiyasi, 1923 yildan Ozarbayjon tarkibida, 1924 yil 9 Fevraldan Naxichevan Muxtor Respublikasi poytaxti. Shaharda Ozarbayjon me’morligi yodgorliklaridan Yusuf Ibn Qusayir va mo’mina xotun maqbaralari (12-asr) saqlangan.