Noma
Noma (forscha — xat, maktub) — 1) xat, maktub, farmon, yozilgan narsa; 2) adabiy janr; o’zbek va fors mumtoz adabiyotlarida yaratilgan, Real yoki xayoliy-to’qima shaxsga asosan she’riy maktub tarzida yozilgan badiiy asar turi. Faxriddin Gurgoniy (11-asr), Avhadiy (1274-1338), Xoja Imod Kirmoniy (14- asr)lar fors adabiyotida Noma janriga asos solib, uni rivojlantirganlar. O’zbek mumtoz adabiyotida Noma janrining paydo bo’lishi Xorazmiy nomi bilan bog’liq. Uning «Muhabbatnoma» asari (1353— 54) oshiqning ma’shuqaga yo’llagan g’azal shaklidagi 10 ta ishqiy maktubidan iborat. Keyinchalik Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si ta’sirida yaratilgan Xo’jandiyning «Latofatnoma», Sayid Ahmadning «Taashshuqnoma», Yusuf Amiriynnig «Dahnoma» asarlarida ham Noma janri an’analariga rioya qilingan: ularning barchasi bir xil vaznda, masnaviy shaklida yozilgan; barchasi xam 10 nomadan iborat. «Muhabbatnoma», «Latofatnoma», «Taashshuqnoma» asarlarida Nomalar oshiq tilidan yozilgan bo’lsa, «Dahnoma»dagi Nomalar ham oshiq, ham ma’shuqa nomidan yo’llangan. Alisher Navoiy va Zokirjon Furqatning o’z do’stlari va ustozlariga yozgan she’riy maktublarini ham keng ma’noda Noma janriga kiritish mumkin; 3) biror tarixiy shaxs yoki asar qahramonining sarguzashtlari, safar taassurotlari, ichki kechinmalari nazm yoki nasrda bayon etilgan har qanday (badiiy, ilmiy, memuar va boshqalar) asar turi. Masalan, Boburning «Boburnoma», Muqimiyning «Sayohatnoma», Shayxzodaning «Toshkentnoma» asarlari; 4) mazmunan murakkab, yirik epik asar; Doston. Masalan, Firdavsiyning «Shohnoma», Nizomiyning «Iskandarnoma», Muhammad Solixning «Shayboniynoma» asarlari.