Noktyurn

Noktyurn (Fransuzcha nocturne — tungi) — 1) 18-asr Yevropada, asosan, puflama yoki torli va puflama sozlar ansambllari uchun kechki ochiq havoda ijro etiladigan syuita shaklidagi kichik pyesalar turkumi (masalan, V. Mosart, Y. Gaydn asarlari); 2) 19-asrdan kuychan, lirik xarakterdagi, ko’pincha tun obrazi va sokinligi bilan yo’g’rilgan musiqa asari. Sekin yoki o’rtacha sur’atda bo’lib, o’rta qismi jonliroq. Noktyurnning ilk namunasi fortepiano uchun J. Fild (Angliya) tomonidan yaratilgan, F. Shopen ijodida yetuk badiiy rivoj topgan. Noktyurn ayrim cholg’ular, shuningdek, ansambl (A. Borodinning 2-torli kvartetidagi Noktyurn), orkestr (masalan, K. Debyussining Noktyurnlari) uchun ham yozilgan. Noktyurn ba’zan vokal musiqada ham uchraydi (J. Rossini, M. Glinka va boshqalar). O’zbekiston kompozitorlaridan A. Kozlovskiyning «Lola» Fargona syuitasida, G. Mushelning «Kashmir afsonasi» baletidagi Noktyurn; X. Izomov, B. Zeydman, S. Varelaslarning fortepiano pyesalari, I. Akbarov, M. Yusupovlarning vokal asarlaridan Noktyurn va uning xususiyatlaridagi lavhalar o’rin olgan.