Nevrozlar

Nevrozlar (nevr… asabiylik -uzoq davom etgan ruhiy iztiroblar natijasida nerv sistemasi faoliyatining buzilishidan kelib chiqadigan asabiy-ruhiy kasalliklar; O’zaro yaqin funktsional ruhiy kasalliklar (nevrasteniya, isteriya, psixasteniya), emosional yoki aqliy jihatdan toliqish natijasida, ko’pincha infektsion va boshqa kasalliklar ta’sirida yuzaga keladi. Nevrozlar ancha keng tarqalgan kasallik bo’lib, asosan, nerv sistemasi tug’ma yoki hayotda orttirilgan zaif kishilarda kuzatiladi. Nevrozlarda Markaziy nerv sistemasida ham, ichki a’zolarda ham jiddiy organik o’zgarishlar bo’lmasada, bosh miyada kechadigan asosiy jarayonlar — qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining o’zaro munosabatlari buziladi. Nevrozlarda psixozlardan farqli o’laroq, bemorlar o’z kasalliklariga nisbatan tanqidiy munosabatda bo’ladilar. Nevrozlarning, asosan, 3 ta — isteriya, nevrasteniya va psixasteniya (miyadan ketmaydigan holatlar) turi farqlanadi. Ayrim «a’zolar nevrozi» (yurak, me’da, o’pka) hozirgi vaqtda Nevrozlarning alohida turi emas, balki uning somato-vegetativ belgilari deb hisoblanadi. Nevrozlar ko’p uchraydi va yildan-yilga ko’payib borish qonuniga ega. Nevrozlardan nevrozga o’xshash holatlarni ajratmoq zarur, bu belgilari jihatdan Nevrozlarga aynan o’xshab ketsada, biroq ular ruhiy iztiroblar oqibatida emas, balki boshqa xastalik, masalan, xafaqon, miya qon tomirlari aterosklerozi., shizofreniyaning boshlang’ich belgisi sifatida namoyon bo’ladi. Nevrozlarning ayrim turlari kelib chiqishida kishi shaxsining kasallik oldi xususiyatlari (premorbid) katta ahamiyatga ega. Shuningdek, oliy nerv faoliyati ojizroq kishilar shunday faoliyati kuchli kishilarga nisbatan Nevrozlarga ko’proq moyil bo’ladilar. Bundan tashqari, birinchi signal sistemasi yuqoriroq bo’lgan kishilarda — isteriya, ikkinchi signal sistemasi kuchliroq bo’lganlarda esa miyadan ketmaydigan holatlar nevrozi ko’proq uchrashi isbotlangan. Bular aralash nevrotik holatlar ko’rinishida ham namoyon bo’lishi mumkin. Nevrozlarni davolashda psixogen omillarni bartaraf etish zarur. Dori-darmonlar bilan birga psixoterapiya ham muhim ahamiyatga ega.