Nafisiy Said
Nafisiy Said (1895.8.6 – Tehron — 1966.13.11) — Eron olimi, yozuvchisi va jamoat arbobi. Tehron universiteti professor (1934), Eron Farhangistoni (til va adabiyot akademiyasi) a’zosi (1935 yildan). Tehron, Bern va Parijda o’qigan. Ijodi 20-yillardan boshlangan. Eron, Markaziy Osiyo, Hindiston xalqlari adabiyoti, madaniyati va tarixi masalalariga, shuningdek, rus va G’arbiy Yevropa adabiyotlariga oid tadqiqotlar qilgan. Nafisiy «Abu Abdulloh Ja’far ibn Muhammad Rudakiy Samarqandiyning hayoti va ijodi» nomli 3 jildli monografiya (1931-40), «Farangis» (1931) romani, «Qojarlar tarixi», «Bahrayn tarixi» (1955) hamda «Hozirgi Eronning ijtimoiy-siyosiy tarixi» (1959) kabi asarlar muallifi. «Bayhaqiy tarixi» (1-3-jildlar, 1940-53)ni, Xondamirning «dastur ul-vuzaro» asarini nashr ettirgan. «Nodirshoh haqida oxirgi yodgor» (1926) pyesasi tarixiy mavzuda. Hofiz Sheroziy, Farididdin Attor, Ibn Sino va boshqalar haqida bir qancha nasriy asarlar yozgan, fors tilining izoshli lug’ati (1930, 5-jild) va frantsuzcha-forscha lug’at (1931-32) tuzgan. Nafisiy she’riyatida zamonaviy turmushdagi voqea-hodisalar o’z aksini topgan. Nasriy asarlarida G’arb adabiyotining sezilarli ta’siri bor. As: Jannatning yarim yo’lida, T., 1974.