Nekrasov Nikolay Alekseyevich
Nekrasov Nikolay Alekseyevich [1821.28.11 (10.12), Podolsk gubernyasi, Nemirov-Vinniskiy uezdi — 1877.27.12 (1878.8.1), Peterburg] – rus shoiri. Yaroslavl gimnaziyasida ta’lim olgan (1832-37), Peterburg universitetida erkin tinglovchi bo’lgan (1839— 40). «Orzular va sadolar» (1840) nomli ilk she’rlar kitobi tanqidchilar tomonidan taqdidiy she’rlardan iborat to’plam sifatida baholangan. Nekrasov 1841 yilda «Literaturnaya gazeta» va «Otechestvennie Zapiski» jurnali bilan hamkorlik qilib, ularda hikoya va qissalardan tashqari tanqidiy maqolalar ham e’lon qilgan. Nekrasovning «Vatan», «yo’lda» (1845) she’rlari va «Ayoz» dostoni (1863) da boylar va kambag’al dehqonlar hayoti aks etgan. V. G. Belinskiy va uning maslakdosh do’stlari Nekrasov dunyoqarashida xalqparvarlik qarashlarining paydo bo’lishida muhim rol o’ynadi. Bu hol Nekrasovning «Sovremennik» jurnali noshiri va muharriri bo’lgan vaqtda (1847-66), ayniqsa, yorqin namoyon bo’lib, mazkur jurnal inqilobiy-demokratik tafakkur minbariga aylandi. Nekrasovning shu davrda yaratgan she’rlarida xalqning og’ir turmushi manzaralari, ziyolilarning ruhiy qayotidagi charchokdik ohanglari o’z ifodasini topdi. «She’rlar» to’plami nashr qilingan (1856). Qishloq mavzuidagi «O’y», «Kalistrat» she’rlari, «dehqon bolalari» (1861), «Gazlamafurushlar» (1861) dostonlarida shoirning rus dehqoniga muhabbati aks etgan. Nekrasov hayotining so’nggi o’n yili «otechestvennie Zapiski» jurnali bilan bog’liq. Nekrasov shu davrda «Rusiyada kim yaxshi yashaydi» (1866-76) dostoni ustida ishladi, dekabristlar va ularning xotinlari to’g’risida dostonlar ezdi («bobo», 1870, «Rus ayollari», 1871-72). Nekrasovning so’nggi she’rlarida do’st-yorlarining olamdan o’tishi, rus jamiyatidagi tanazzul va o’zining og’ir xastalikka yo’liqqanligi bilan bog’liq mungli ohanglar ustuvorlik qiladi. Ammo shu bilan birga uning ayrim she’rlarida Rossiyaning kelajagiga umid tuyg’ulari ham yo’q emas. Nekrasov ijodida rus ozodlik harakatining V. G. Belinskiy, A. I. Gersen nomlari bilan bog’liq inqilobiy-demokratik bosqichi o’z tajassumini topdi. Xalqning mushkul ahvoli, uning ham ijtimoiy tuzum, ham shafqatsiz mulkdorlar tomonidan ezilib, kaddi dol bo’lgani tasviri Nekrasovning butun ijodi osha «qizil ip» bo’lib o’tadi. Uning lirik qahramoni xalqning ayanchli ahvolda turmush kechirayotganini ko’rib iztirob chekadi, bu xalqni baxt-saodat manzillariga olib borishga, milliy taraqqiyot dovonlari sari yetaklashga ojizlik kilishini sezib, yanada eziladi. Lirik qahramon kechinmalaridagi ana shu ojizlik ohangi shoirning xastaligi og’irlashgan sayin tobora kuchayib borgan. Nekrasov rus mumtoz she’riyatining boshqa buyuk namoyandalaridan birinchi navbatda xalqchilligi, ijodida xalqning umumlashgan obrazi ustuvorlik qilishi bilan farqlanadi. U xalq deganda dastavval mulkdorlar zulmi tufayli xorzor yashayotgan mujiklarni nazarda tutadi, ular hayotining noxush manzaralarini tasvirlaydi. Ammo shu bilan birga 19-asr o’rtalarida shakllana boshlagan ilg’or rus ziyolilarining ijtimoiy qarashlarini ham asarlariga singdirishga, bu ziyolilarni shu xalqning kamchil, ammo peshqadam qismi ekanligini ko’rsatishga urinadi. Sovet davrida Nekrasov ijodida, bir tomondan, 19-asrdagi rus jamiyati hayotidagi salbiy tamoyillar —»turmush prozasi» tasviri ustuvorlik qilgani, ikkinchi tomondan, dekabristlar va ular xotinlarining obrazi katta mexr bilan yaratilgani uchun shoir hayoti va ijodiy faoliyatini o’rganishga alohida e’tibor berildi. Ayni paytda nafaqat rus, balki qardosh xalqlar she’riyatida ham Nekrasov an’analarining davom ettirilishi va rivojlantirilishi talab etildi. O’zbek shoirlari shunday sharoitda Nekrasov ijodiga xos faqat bir fazilat — xalqchillikdan ibrat olishga harakat qildilar. Nekrasov asarlarining o’zbek tiliga asosiy tarjimoni Mirtemir shu masalada rus shoiri an’analarini rivojlantirib, o’zbek she’riyatining milliy o’ziga xosligini ta’minlashga ulkan hissa qo’shdi. Nekrasov asarlari o’zbek tiliga Mirtemir, Zulfiya va boshqa shoirlar tomonidan tarjima qilingan. As: asarlar [2 j.lik], T., 1971. Ad.: Jdanov V. V., Jizn Nekrasova, M., 1981. Naim Karimov.