Nisoriy
Nisoriy (taxallusi; asl ism- sharifi Hasanxoja Podshohoja o’g’li) (1516 — Buxoro — 1597) — shoir, tazkiranavis. Tanikli shoir va davlat arbobi Xoja (Podshohoja)ning o’g’li. Buxoro madrasalarida o’qigan. Riyoziyot, handasa, tibbiyot, musiqa ilmlarini puxta egallagan, otasidan aruz sirlarini o’rgangan. She’rlar mashqqilgan. Otasi Balxda shayxulislomlik paytida (1533-43) Nisoriy shu shahardagi Kamoliddin qo’noq madrasasida handasa ilmidan dars bergan. Buxoroga qaytgach, 1545-50 yillarda Abdulazizxon, 1550— 66 yilda Miyonkol hokimlari huzurida sadrlik vazifasini bajargan. So’ng Buxoroda umrining oxirigacha maktabdorlik qilgan, badiiy ijod bilan mashg’ul bo’lgan. «Malik ush- shuaro» unvoniga musharraf bo’lgan. Nisoriy turkiy va forsiydagi she’rlaridan devon tuzgani ma’lum, lekin devon hali topilmagan. Faqat 16-asrda yaratilgan bir kancha asarlar orqali uning bir necha g’azal, ruboiylari, «bahoriyot» qasidasi hamda «Muzakkiri ahbob» (1566) tazkirasi yetib kelgan. «Muzakkiri axbob» Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro» va Navoiyning «Majolis unnafois» asarlaridan keyingi uchinchi tazkira deb hisoblanadi va bu asar maqola, 4 bob va xotimadan iborat. Makala qismi temuriylar va Shayboniylar hamda boburiylardan etishib chiqqan shoirlarga bag’ishlangan. 4 bobi Movarounnaxr, Xuroson, Sharqiy Turkiston, Turkiya, Ozarbayjon va Hindistonda yashagan shoirlar ijodi haqida. Xotima qismida esa muallifning she’r yozgan ota-bobolari va yaqin qarindosh-urug’lari to’g’risida so’z yuritilgan. Asarda jami 288 shoir va adib haqida ma’lumot berilgan. Asar adabiyot nazariyasi, xususan, she’riyat masalalari haqida, 16-asr Movarounnahr, Xuroson va Hindiston kabi o’lkalar adabiyoti, madaniyati, tarixi va ijtimoiy tafakkuri haqida ma’lumotlar olishda muhim manba bo’la oladi. Asarning dunyo qo’lyozma xazinalarida 14 nusxasi mavjud. O’zbek tiliga Ismoil Bekjon tarjima qilgan (1993). Qo’lyozma nusxalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №4282, 1438, 4374, 7760). As: Muzakkiri ahbob, T., 1993. Ad.: Ismoil Bekjon, «Muzakkiri ahbob» tazkirasi va uning muallifi haqida, T., 1993. Begali Kosimov.