Ijtimoiy guruhlar

Ijtimoiy guruhlar – muntazam ravishda bir-birlari bilan o’zaro munosabatga kirishadigan shaxslar guruhi. Turli sinflar, qatlamlar muhim Ijtimoiy guruhlar hisoblanadi. Kasbga oid, diniy, etnik, turli demografik guruhlar (Nuroniylar, ayollar, yoshlar va hokazolar) ham Ijtimoiy guruhlarga kiradi, chunki ularning jami-yatdagi mavqei hukmron ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar bilan bog’liqdir. Bir xil faoliyat bilan shug’ullanuvchi, ijtimoiy-psixologik xususiyatlari o’xshash, maqsad va qadriyatlari umumiy bo’lgan kishilar ham alohida Ijtimoiy guruhlarni tashkil etadi. Ijtimoiy guruhlar katta va kichik (soni bo’yicha), boshlang’ich (guruh a’zolarining bevosita shaxsiy aloqalari va munosabatlariga asoslangan) va ikkilamchi (guruh a’zolari o’rtasida bevosita shaxsiy aloqalar bo’lmagan), rasmiy (tadqiqotchi tomonidan muayyan belgi asosida tashkil qilingan) va norasmiy (ob’yektiv holda mavjud) guruxlarga bo’linadi. Ijtimoiy guruhlarning hajmi, shakli, xususiyatidan qat’i nazar, ularning muhim belgisi — a’zolarning bir umumiy guruhga mansub ekanliklarini anglashidir. Odamlar o’z hayotining ko’p qismini guruhlardagi muloqotlarda o’tkazadi. Hozirgi jamiyatdagi odamlarning aksariyati ko’pdan-ko’p turli guruhlarga mansubdir. Mansur Bekmurodov.