Mangeym, Manxaym

Mangeym, Manxaym — Germaniyadagi shahar, Baden-Vyurtemberg yerida. Aholisi 308,9 ming kishi (1998). Lyudvigsxafen shahri bilan birgalikda sanoat aglomeratsiyasini tashkil etadi. Nekkar daryosi Reyn daryosiga quyilish joyidagi port. Mashinasozlik (stanoksozlik va avtomobilsozlik, qishloq xo’jalik mashinalari, elektrotexnika), kimyo, to’qimachilik, qog’oz, neftni qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Rangli metallurgiya rivojlangan. Metalldan quyma buyumlar, po’lat konstruktsiyalar ishlab chiqariladi. Universitet, muzeylar (kunstxalle, reys) bor. Shahar qo’lyozmalarda ilk bor 766 yildan tilga olingan. 1607 yildan shahar maqomini olgan. 18-asrga oid me’moriy yodgorliklar saqlangan.