ZANJABILDOSHLAR

ZANJABILDOSHLAR (Zingiberaceae) — bir pallalilar sinfiga mansub yo’g’on ildizpoyali yoki tugunak ildizli ko’p yillik o’tlar oilasi. Poyasi juda qisqa yoki bo’lmaydi, novdasining rivojlangan qismi soxta poya vazifasini o’taydi. Barglari yirik, nashtarsimon, ochiq qinli, tilchali, ikki qator joylashgan. To’pguli boshoqsimon yoki ro’vaksimon. Gullari zigomorf, qo’sh gulqo’rg’onli, ikki jinsli, ba’zan ayrim jinsli va ikki uyli. Kosacha va tojbarglari uchtadan. Changchisi bitta, qolganlari reduktsiyalangan. Tugunchasi ostki, bir yoki uch uyali, to’g’ri urug’kurtakli. Mevasi ko’pincha uch pallaga ajraladigan ko’sakcha yoki rezavormeva. 1300 turni o’z ichiga olgan 45 turkumi bor. Asosan, tropik va subtropiklarda tarqalgan. Janub va Sharqiy Osiyoda ham uchraydi. Zanjabildoshlar yer osti tanasining hamma qismida efir moyi bor. Zanjabil, kardamon, kalgan va boshqa turlaridan ziravor olinadi, oshlovchi va bo’yoq moddalar tayyorlanadi.