ZANJIBAR

ZANJIBAR — Hind okeanidagi Orol. Afrikaning Sharqiy qirg’og’i yaqinida. Tanzaniya tarkibida. Maydoni 1658 kilometr kvadrat. Zanjibarning yer yuzasi pasttekislik (eng baland joyi 120 metr); marjon ohaktoshlaridan tashkil topgan, karst relef shakli ko’p. Iklimi ekvatorialmussonli. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 28°, iyulniki 23°. Yillik yog’in 1500-2000 millimetr. O’rmonlarning ko’p qismi qirqilib, o’rni butazorga aylangan, sohilda mangra o’rmonlari, qalampirmunchoq, kokos palmasi plantasiyalari bor. Eng katta shahri va porti — Zanjibar. Zanjibarni 8 asrda Ummon arablari egallagan. 1528 — 17 asrda Portugaliya mulki, so’ngra Ummon qo’l ostida bo’lgan. 1856-90 yillarda mustaqil sultonlik (Pemba oroli va boshqa orollar bilan birga), 1890-1963 yillarda Britaniya protektorati, 1963-64 yillardan mustaqil.

ZANJIBAR — Tanzaniyadagi shahar, Zanjibar orolining g’arbiy sohilidagi yirik dengiz porti va savdo markazi. Aholisi 375,5 ming kishi (1998). 1964 yilgacha Zanjibar sultonligining poytaxti bo’lgan. O’sha yildan Zanjibar Tanzaniya Orol qismining ma’muriy markazi. Elektrotexnika, yog’ochsozlik, kimyo, oziqovqat, kemasozlik sanoati korxonalari bor. Shaharda qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlaydigan korxonalar mavjud. Zanjibar orqali chetga qalampirmunchoq, kokos yog’i, kopra chiqariladi. Hunarmandchilik rivojlangan. Davlat muzeyi va Zanjibar arxivi bor. Dengiz baliqchiligi muammolarini o’rganuvchi Sharqiy Afrika uyushmasining qarorgohi joylashgan.