ZARPECHAK

ZARPECHAK, chirmovuq (Cuscuta L.)— chirmovdoshlar (Cuscutaceae) ga mansub tekinxo’r o’simlik turkumi. Mo»tadil mintaqalargacha 170 turi uchraydi. Bargsiz va ildizsiz bir yillik o’t, qat’iy karantin ob’yekti. Poyasi chirmashib o’sadi, ipsimon, sershox, tanasi sariq, yashilsarg’ish yoki to’q sariq. Gullari mayda oq yoki och pushti. Mevasi qattiq qobiqli bir qancha urug’li dumaloq ko’sakcha, urug’ida o’ralgan murtagi bor. Murtakning tuklar bilan qoplangan qalin uchi tuproqqa o’sadi, ikkinchi uchi urug’ po’stidan ajralib xo’jayin o’simlikka chirmashadi va o’ralib, o’simlik to’qimalariga chuqur kirib shirasini so’radi va quritadi. Zarpechak urug’i va poyasidan ko’payadi. Zarpechakning bir o’simligi 10-50 minggacha urug’ beradi. Zarpechakning O’rta Osiyoda uchraydigan turlari: dala Zarpechak, asosan, beda, kanop, g’o’za, sabzavotpoliz va boshqalarni zararlaydi; beda Zarpechak, asosan, bedani, shuningdek, no’xat, qashqarbeda va yantoqni zararlaydi; Xitoy Zarpechak kanop, jut, g’o’za, lavlagi, qovun, beda, qisman kartoshka pomidorni zararlaydi; Yevropa Zarpechak kanop, kartoshka, tamaki, qulmoq, beda, qashqarbeda, siren va boshqa buta hamda daraxtlarni zararlaydi; Kurash choralari: karantin, Zarpechak tushgan bedapoyaga birinchi o’rimdan keyin nitrafen yoki DNOK eritmasi, haydalgan bedapoya, uvat, yo’l yoqalari, ekin ekilmagan yerlarga esa nitrafen eritmasi purkaladi.