ZARTEPA
ZARTEPA — Termiz shahridan 26 kilometr shimoli g’arbda joylashgan qadimgi shahar xarobasi. Zartepa 1951-52 yillarda arxeolog L. I. Albaum tomonidan tekshirilgan. Zartepa kvadrat shaklida bo’lib, devorlarining uzunligi 400 metrdan. Sharqiy devor xarobalari 6-7 metr, g’arbiy devori 4 metrgacha saqlanib qolgan. Shaharning shimoli sharqida kvadrat shaklida qal’a-qo’rg’on bor, u shahristondan mudofaa chizig’i — katta xandaq bilan ajratilgan. 1960-80 yillarda arxeolog V. Zavyalov, Q. Sobirov va Sh. Pidayevlar tomonidan o’rganish davom ettirilgan. Arxeologik qazishmalar tufayli Zartepaning Shahriston qismidan uyjoy qoldiqlari va ko’chalar ochilgan. Sopol idishlarining asosiy qismi angob bilan bo’yalgan. Zartepadan odam va hayvonlarning haykalchalari va har xil tangalar ham topilgan. Topilmalarning eng qadimgisi miloddan avvalgi 4— 2 asrlarga, keyingilari ilk o’rta asrlar (5—7 asrlar) ga to’g’ri keladi.