ZAFAROBOD
ZAFAROBOD — Buxoro viloyati G’ijduvon tumanisagi shaharcha (1984 yildan). Yaqin temir yo’l stantsiyasi Konimex (32 kilometr), tuman markazidan 72 kilometr. Shaharcha tumanning shimoli sharqida, Navoiy— Uchquduq katta yo’li yoqasida. Aholisi 5,8 ming kishi (2002), asosan o’zbeklar, qozoq va ruslar ham bor. Ma’muriy, madaniy tashkilotlar, umumiy ta’lim maktablar, avtokorxona, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor.
ZAFAROBOD — Jizzax viloyatidagi shaharcha (1997 yildan). Zafarobod tumanining ma’muriy markazi. Zafarobodga 1970 yillar boshida Mirzacho’l va Jizzax cho’llarini o’zlashtirish avj olgan davrda asos solingan, 1973 yildan tuman markazi. Maydoni 230 gektar. Aholisi 4000 kishi (2001). Eng yaqin temir yo’l stantsiyasi — Paxtakor shahrigacha 18 kilometr, Jizzax shahrigacha 42 kilometr. Zafaroboddan Jizzax shahriga, Paxtakor, Arnasoy, Forish tumanlariga olib boruvchi avtomobil yo’llari qurilgan. Zafarobodda paxta tozalash zavodi, elektrod ishlab chiqarish kichik korxonasi, bosmaxona, novvoyxona bor. Avtotransport, mashina-traktor xizmati ko’rsatish, gazlashtirish korxonalari, avtomobil yo’llari boshqarmasi, kommunal va maishiy xizmat ko’rsatish tarmoqlari faoliyat ko’rsatadi. Zafarobodda tuman hokimligi binosi, supermarket, «otaxonlar» choyxonasi, «Paxtabank», 2 umumiy ta’lim maktabi, tarix muzeyi, madaniyat saroyi, dehqon bozori, kutubxona, 100 o’rinli kasalxona, poliklinika, avtostantsiya mavjud. Xotira xiyoboni, Mustaqillik maydoni barpo etilgan.