ZAX QOCHIRISH
ZAX QOCHIRISH, yerlarni quritish — tuproqdagi ortiqcha namni chiqarib tashlash; melioratsiyaning bir turi. Zax qochirish tuproqda o’simlikning o’sishi va rivojlanishi uchun qulay suv, havo, ozuqa va tuz rejimini vujudga keltiradi. Zax qochirish uchun quritish va sugorish sistemalari quriladi. Arid zonada, jumladan sug’orma dehqonchilik mintaqalarida Zax qochirish yerni an’anaviy ma’nodagi quritishdan katta farq qiladi. Sug’oriladigan yerlarda tuproqning qayta zaxlanishi va botqoqlanishi suv omborlari, irrigatsiya kanallari va boshqa gidrotexnika inshootlaridan suv sizishi natijasida ikkilamchi hodisa sifatida yuz beradi. Yerlarni zax va sho’r bosishdan saqlash maqsadida katta kanallar bo’ylarida kesma drenalar yoki qator vertikal drenaj quduqlari quriladi, asosan, bir necha qator namsevar buta va boshqa daraxtlar (terak, tol, qayrag’och va hokazolar) o’tqaziladi. Ko’p hollarda ekin ekiladigan zonalarda Zax qochirish grunt suvlarining sathi va minerallashuvini pasaytirish va tuproqda gruntni sho’rsizlantirish ishlari bilan bir vaqtda olibboriladi. Yerlarni qayta zax bosishdan saqlash uchun suv xo’jaligi ob’yektlari quriladigan zonalarning tuproq-meliorativ va gidrogeologiya sharoitlari ilmiy prognozlanishi shart. Sharif Hamdamov.