ZIKR

ZIKR (Arabcha — eslash, yodga olish) — tasavvufda Xudoni yodga olish bilan bog’liq «samo» marosimi va shu marosimda ijro etiladigan musiqiy-she’riy turkum. Musulmonlar orasida 10—11 asrlarda shakllangan. Ilohiyotchilar Allohni yodga olish zarurligini Qur’oni Karimning «Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur» (13:28) degan ko’rsatmasi bilan bog’laydilar. Zikrning asosiy falsafiy-estetik maqsadi vajd (ekstaz), ya’ni insonning musiqa, she’r va raqs vositasida oliy haqiqat (Tangri) bilan hissiy-ruhiy birlashib, uyg’unlashib ketishidir. Turli xil tasavvuf tariqatlarida Zikrning xilma-xil ko’rinishlari ishlatiladi. Masalan, Turkistonda eng ko’p tarqalgan Naqshbandiya tariqatida «Zikri jahriy» («Oshkora, katta Zikr» yoki «Xonaqoyi» deb ham ataladi), «Zikri xafiy» («Yashirin, kichik Zikr», tor doirada ijro etilgan), «Zikri adadiy» («Sanoqli Zikr»), «Zikri alloniya» («E’lonli Zikr»), «Zikri dil» kabi turlari qo’llanilgan. Jaloliddin Rumiy asos solgan mavlaviya tariqatida Zikr marosimiga musiqiy asboblar va raqslar keng jalb qilina boshlangan. Naqshbandiya tariqatida «Zikri jahriy» turkumining asosiy qismlari usullarning zarblariga ko’ra, «Yakzarb», «Duzarb», «Sezarb», «Chorzarb» deb atalgan. Asosiy qismlarning o’zgartirilgan ko’rinishlari «Chopqin» deb yuritilgan. Zikrning boshlanishi, asosiy qismlar oralig’i va turkum yakunida Qur’on suralari rechitativ (nutqdosh) uslubida kuylanadi. Turkumning qismlari kuy-ohang, usul-ritmik tuzilmalari Sharq xalqlari musiqa merosi, xususan, o’zbek ashula janriga ta’sir ko’rsatgan. Zikr Mavlud va boshqa diniy marosimlarning tarkibiy qismiga aylangan. O’zbekiston kompozitorlaridan Ik. Akbarov («Shoir xotirasiga» poema), A. Kozlovskiy («Ulug’bek» operasi) va boshqalar. Zikr usul-ohanglaridan foydalanishgan. Abdumannon Nazarov.