ZINDIQ
ZINDIQ (Arabcha — dinga ishonmaydigan, xudosiz, ateist) — o’rta asrlarda Islom ta’limotini rad etgan, boshqacha fikrlovchi falsafiy oqimlar, dualistlar, shuningdek, moniylik, mazdaqiylik va xurramiylar ta’limoti vakillariga berilgan umumiy nom. Zindiq nomi berilgan kishilar dinga qarshi, ateist deb hisoblangan, ular doimo ta’qibda bo’lgan, qo’lga tushganda esa qattiq jazolangan. Faqiqlar ularning hatti-harakatini payg’ambarni haqoratlash bilan barobar deb bilib, o’limga mahkum, deb hukm chiqarganlar. Islom tarixida Zindiqqa qarshi namunali jazo choralari ko’rilgan hollar ko’p bo’lgan. Zindiq tushunchasini hozirgi vaqtda Islom aqidaparastlari «din manfaati yo’lida yetarlicha qayg’urmayotganlar»ga nisbatan ham qo’llaydilar.