ZOKIRJON QIZIQ OVULOV

ZOKIRJON QIZIQ OVULOV (1886 Andijon — 1975) — xalq qiziqchisi. 12 yoshidan Azim cho’kindining qiziqchilar to’pida jarchilik, so’ng masxarabozlik qilgan. M. Mansurovning tsirk truppasida (1904-05) Yusufjon qiziq Shakarjonovdan saboq olgan. Sobir qori, Ortiq, Rafiq, Karim kabi qiziqchilar bilan birga «Bola o’qitish», «Ketmon tilash», «O’lik sotdi» kabi xalq komediyalarida o’ynagan. 1918-25 yillarda Mayramxon tsirkida, A. Makarov, E. Xolmirzayev to’plarida ishlagan. Keyinchalik turli sozanda to’plarida, ko’pincha Ibrohim qiziq Teshaboyev bilan qiziqchilik qilgan. «Mamayusuf», «Kelin tushirdi», «Xoji kampir», «To’rt jinni» kabi qadimgi og’zaki komediyalarni tiklab, xalq orasida namoyish qilgan. Ad.: Qodirov M., Masxaraboz va qiziqchilar san’ati, T., 1971.