ZOKIROV DONI

ZOKIROV DONI (1914.28.12, Samarqand — 1985.26.11, Toshkent) — kompozitor, sozanda (g’ijjak), dirijyor. O’zbekiston xalq artisti (1969). Toshkent konservatoriyasining kompozisiya sinfini (B. Nadejdinda) tugatgan (1953). 1930 yildan Samarqand viloyat musiqali drama teatri xalq cholg’ulari orkestrida g’ijjakchi, 1933 yildan musiqa rahbari. O’zbek davlat musiqali teatrida sozanda (1936-37), O’zbek davlat filarmoniyasida xalq cholg’ulari orkestrining bosh sozandasi (1937-40), Muqimiy nomidagi teatrda (1940-47), O’zbek davlat filarmoniyasi ashula va raqs ansamblida (1953-57) badiiy rahbar. O’zbekiston televideniyesi va radiosi o’zbek xalq cholg’u asboblari orkestrining dirijyori (1948-53), 1957 yildan bosh dirijyori va 1960 yildan badiiy rahbari (1989 yildan orkestr Zokirov nomida). Ijodi o’zbek musiqa merosiga ohangdosh va usuldosh, lirik-dramatik va epik obrazlarga boy. «Oynisa» baleti (T. Litvinova librettosi, 1957, B. Gienko bilan hamkorlikda), «Zaynab va omon» operasi, (Zulfiya, 1958, T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, B. Zeydman bilan), «Dalada bayram» musiqali komediyasi (Sh. Sa’dulla, 1954, S. Boboyev bilan), «Yoshlikda bergan ko’ngil» (Z. Fatxullin, 1965), «Mening Jannatim» (S. Abdulla, 1970, K. Jabborov bilan), «Shahzoda va yetim qiz» musiqali dramalari, 2 ta simfonik (1947-50) va «Qarshi cho’li gullari» (1972) vocal-simfonik syuitalari, «Davrim sadosi» (B. Umidjonov bilan, 1970) kantatasi, «Hamza» poyemauvertyurasi, «Lirik poyema», «Ko’rmadim», «Bo’lmasa», «Ayb etmangiz», «O’rtanur», «Ey, sabo» (Navoiy g’azallari) kabi romanslar, «Ona Diyor», «Ko’chalar», «Beqiyos Diyor», «Samarqandim» kabi qo’shiqlar muallifi. «Amirlikning yemirilishi», «Qutlug’ qon», «Ulug’bek yulduzi» kabi kinofilmlarga (hammasi M. Ziv bilan) musiqa yozgan. Zokirov o’nlab xalq («Qaytarma», «Sharob», «Farg’onacha» kabi) va mumtoz («Cho’li Iroq», «Yovvoyi Ushshoq», «Nasrulloyi», «Rajabiy», «Navo», «Savti Navo» va boshqa) kuylarni o’zbek cholg’u asboblari orkestri uchun yuksak darajada moslashtirgan. Shu bois, kompozitorning ijodiy uslubi ham o’zbek musiqa merosi an’analarini badiiy ishonarli tarzda mujassam etgan. Ad.: Ahmedov M., Doni Zokirov, T., 1995.