ZULQARNAYN

ZULQARNAYN (Arabcha —ikkishoxli) — musulmonlar orasida tarqalgan qadimgi rivoyatlarga ko’ra, dunyoning chin (Xitoy) ga qadar yerlarini zabt etib, u yerda Ya’juj va Ma’juj yo’liga ulkan to’siq qurgan podshoh. Ayni vaqtda ham Sharq, ham G’arb hukmdori ekanligi yoki tojining ikki cheti shoxsimon bo’lganligidan shunday deb atalgan, deb taxmin qilinadi. Qur’onda Zulqarnaynning yer yuzida haqni qaror toptirish uchun qilgan sa’y-harakatlari bayon etilgan (18:83-102). Ba’zi Islom tadqiqotchilari (masalan, Ibn al-asir) Qur’oni Karimda zikr qilingan Zulqarnaynni makedoniyalik Aleksandrning o’zi deb va ba’zilari Hazrat Ibrohim (as) dan ilgari yashab o’tgan butunlay boshqa bir shaxs deb talqin etishadi. O’rta asrlarda musulmon sharqi adabiyotida Zulqarnayn siymosi Iskandar (Aleksandr) haqidagi boshqa turkum hikoyatlar bilan qo’shilib ko’p sonli nasriy va she’riy asarlar uchun asos bo’ldi. Bu borada Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy dostonlarini alohida ko’rsatish mumkin.