Tutdoshlar

Tutdoshlar (Mogaseae) — ikki urugpallali o’simliklar oilasi. Sut shirali daraxt, buta, ba’zan sut shirasiz o’t o’simliklar. Barglari navbatlashib yoki qaramaqarshi joylashgan, butun, o’yilgan yoki qaychibarg, yonbargli. To’pgullari — kuchala, boshoq, ro’vaksimon yoki bo’sh sharsimon. Gullari ayrim jinsli, bir yoki ikki uyli. Gulqo’rg’oni oddiy odatda, 4 bo’lakli. Changchisi to’rtta, urug’chisi bitta. Mevasi danaksimon yoki yong’oqcha, birlashib etli to’pmeva hosil qiladi. T.ga 53 turkum va 1400 ga yaqin tur kiradi. Asosan, tropik va subtropik mamlakatlarda, qisman o’rta mintaqada tarqalgan. T. ning eng yirik turkumlaridan biri fikus (Fikus) doim yashil yoki barg to’kadigan daraxt, buta, ba’zan o’t o’simliklari hisoblanadi. 1000 ga yaqin turi bor. Bargi turli shaklda, yonbargli, ko’pincha to’kiluvchan. Fikuslardan anjir (F. carica) uzoq yashovchi daraxt. Barglari oddiy, 3-5 bo’lakchali, to’kiluvchan. Gullari to’pgulining ichida o’rnashgan. T. ning yana bir yirik turkumi tut (Moras) Shim. yarim sharning mo»tadil mintaqalarida tarqalgan. O’zbekistonda manzarali o’simlik sifatida ekiladigan (asosiy vatani Xitoy, Yaponiya) mevasi anjirga o’xshash qog’oz daraxti, shim. Amerikada o’suvchi tikanli daraxt — maklyura, faqat tropik mamlakatlarda o’sadigan mevasi ajoyib non daraxti, Malayya arxipelagida tarqalgan sut shirasi g’oyat zaharli salobatli daraxt — zaqqum ham T.ga mansub.