Tun yabg’u

Tun yabg’u — G’arbiy Turk xoqonligining hukmdori (618-630). U Sheguyxon vafotidan so’ng taxtga chiqqan. T. Ya. qobiliyatli sarkarda va davlat boshlig’i bo’lib, faol harbiy harakatlar olib borgan. Jan. Toxariston (hoz. Afg’oniston) va qisman Gibin (hoz. Pokiston) erlarini zabt etdi. Bu davrda G’arbiy Turk xoqonligi tarkibiga deyarli butun O’rta Osiyo, Qozog’istonning katta qismi, quyi Volga bo’ylari, shim. Kavkaz erlari kirgan. Davlat poytaxti Suyab sh. (hoz. To’qmoq sh. yaqinida) edi. T. Ya. Markaziy hokimiyatni kuchaytirish maqsadida davlatda ma’muriy islohot o’tkazgan. Viloyatlarda nazoratni kuchaytirish uchun o’z vakillari — tudunlarni yuborgan. Maxalliy xukmdorlarga turkiy unvonlar in’om etgan. O’g’li Tardushodni Toxaristonga noib qilib tayinlagan. T.Ya. xoqon Eronga qarshi Vizantiya bilan ittifoq tuzgan. 627 y. g’arbiy turklar tuzilgan shartnomaga asosan, Eronga karam bo’lgan Kavkazorti xududiga hujum qilgan. 627 yili Chor (Darband), 628 y. esa Tiflis (xoz. Tbilisi) zabt etilgan. 630 y. T.Ya. amakisi kul Bahodur tomonidan o’ldirilgan. Ad.: Gumilyov L. N., Drevnie tyurki, M., 1967; Istoriya Vostoka, t. 2, M., 1995.