Gametogenez

Gametogenez (gametalar va … genez) — jinsiy hujayralar — gametalarning rivojlanishi.Hayvonlarda G. diffuz va lokal bo’ladi. Gametalar diffuz g.da tananing istagan qismida (g’ovaktanlilar, ayrim bo’shliqichlilar, yassi chuvalchanglar), lokal g.da maxsus jinsiy bezlar — gonadalarda (ko’pchilik hayvonlarda) hosil bo’ladi. Umurtqali va ko’pchilik umurtqasiz hayvonlarda gametalar birlamchi jinsiy hujayralar (gonositlar)dan vujudga keladi. Gonositlar ekto yoki endoderma hisobidan birinchi meyotik bo’linishdan so’ng yoki embriogenezning dastlabki davrlarida hosil bo’ladi. Umurtqali va ayrim umurtqasizlar murtagida sodir bo’ladigan ilk g.da gonositlar gonadalar shakllanishi lozim bo’lgan joydan uzoqroqda paydo bo’ladi va qon, to’qima plastlari orqali yoki faol harakatlanib gametalar ixtisoslashgan joyga ko’chib o’tadi. G. kechroq ro’y beradigan hayvonlarda (gidralar, lishankalar, qobiklilar) paydo bo’ladigan va ular ixtisoslashadigan joy o’zaro Moe keladi. Gonositlar jinsiy determinasiya bo’lganidan so’ng spermatogenez (urug’ hujayralarning ko’payib, ixtisoslashuvi) va oogenez (tuxum hujayralarning ko’payib ixtisoslashuvi) boshlanadi. Sut emizuvchilarda spermatogenezning ayrim bosqichlari va umuman barcha jarayonlari muddati qat’iy belgilangan bo’lib, ularning tezligi gormonal omillarga bog’liq bo’lmaydi. Oogenezda esa tuxum hujayralarning etilishi ancha uzoq davom etadi va gormonlar ta’sirida bo’ladi. G.ga ontogenezning ilk bosqichi sifatida qaraladi. G.ning buzilishi urug’langan tuxum va bo’lajak organizmning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatishi mumkin. G. o’simliklarda megasporagenez va mikrosporagenez deb ataladi.