Tezlatkichlar
Tezlatkichlar (yadro fizikasi da) — elektr maydoni yordamida yuqori energiyali zaryadlangan zarralar (elektronlar, protonlar, atom yadrolari va b.) olish uchun mo’ljallangan qurilmalar. Zarralar qurilmaning vakuum kamerasida harakatlanadi; ularning harakati (traektoriyasi shakli)ni magnit maydoni (ba’zan, elektr maydoni) bilan boshkarib turiladi. Zarralarning traektoriyasiga kura, T. tsiklik va chiziqli, tezlatuvchi elektr maydoni xarakteriga ko’ra, rezonans va norezonans turlarga bo’linadi (norezonans T.ning induktsion va yuqori voltli xillari bor). Tsiklik T. jumlasiga elektronlar T.i (betatron, mikrotron, sinxrotron) va og’ir zarralar (protonlar va b.) T.i (sinxrofazotron, fazotron, tsiklotron) kiradi. Betatrondan boshqa barcha tsiklik T. rezonans T. hisoblanadi. Yuqori voltli chizikli T. energiyasi 30 MeV bo’lgan jadal zarralar dastasini hosil qiladi. Eng yuqori (20 GeV) energiyali elektronlarni rezonans T., eng yuqori (500 GeV) energiyali protonlarni sinxrofazotronlar hosil qiladi. Birlamchi tezlatilgan zarralar dastasidan tashqari, T. birlamchi zarralarni moddalar bilan o’zaro ta’siridan hosil bo’luvchi ikkilamchi zarralar (mezonlar, neytronlar, fotonlar va b.) dastasi manbai ham hisoblanadi. Uzbekistanda ionlar, protonlar va geliy ionlaridan tashkil topgan 209 MeV li U115M tezlatkichlar, shuningdek, 14 MeV li NG150 tez neytronli tezlatkichgenerator, 50 MeV li SB50 katta tokli betatron, tok kuchi 20 mkA va energiyasi 2 MeV li EG2 elektrostatik generator va tok kuchi 10 mkA, quvvati 22 MeV li MT22S mikrotron mavjud. T. hozirgi zamon fizikasining asosiy qurilmalaridan biri. Yuqori energiyali zarralar dastasidan elementar zarralarning tabiati va xossalarini tadqiq qilishda, atom yadrosi va qatgiq jism fizikasida, defektoskopiyada, bemorlarni nur bilan davolash va b. sohalarda foydalaniladi.